O‘quv parvozidagi fojia: harbiy samolyot quladi
Hodisa oqibatida 6 ekipaj a’zosi halok bo‘ldi, yana bir harbiy jarohatlandi.

Rossiyaning Amur viloyatida 29-sentabr kuni o‘quv-mashg‘ulot parvozi vaqtida Tu-95 strategik bombardimonchi samolyoti halokatga uchradi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida 6 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan, yana bir kishi jarohatlangan.
Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, samolyot o‘q-dorilarsiz o‘quv parvozini amalga oshirgan va aholi yashamaydigan hududga qulagan. Jarohatlangan ekipaj a’zosi tibbiyot muassasasiga evakuatsiya qilingan.
Hodisaning barcha holatlarini aniqlash uchun Rossiya Aerokosmik kuchlari komissiyasi voqea joyiga yuborilgan. Hozircha samolyotning halokatga uchrashiga nima sabab bo‘lgani rasman ma’lum qilinmagan.
Rossiya OAVlari xabariga ko‘ra, samolyot Amur viloyatidagi Krasnoyarovo qishlog‘i yaqinida, Ukrainka harbiy aerodromidan uchganidan ko‘p o‘tmay halokatga uchragan.
Amur viloyati hukumati esa ekipaj samolyotni turar joylar tomon ketishidan qaytarishga harakat qilganini bildirgan.
Tu-95 Rossiyaning uzoq masofaga uchuvchi strategik bombardimonchi-raketa tashuvchi samolyoti hisoblanadi.








