20 baravar qimmatlashdi: Yaponiyada doimiy yashash ruxsatnomasi narxi keskin oshirildi
Yangi mezonlarda daromad, pensiya, moliyaviy aktivlar va yapon tilini bilish darajasi ham hisobga olinadi.

Yaponiyada chet elliklar uchun doimiy yashash ruxsatnomasini olish to‘lovi 2026-yil 1-oktabrdan 10 ming iyenadan 200 ming iyenaga oshirildi.
Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi tarif 1-oktabrdan boshlab topshirilgan va natijada doimiy yashashga ruxsat berilgan arizalarga nisbatan qo‘llanadi. 30-sentabrgacha qabul qilingan arizalar bo‘yicha qaror keyinroq chiqarilgan taqdirda ham, avvalgi 10 ming iyenalik to‘lov amal qiladi.
Iqtisodiy qiyinchilik yoki ayrim maxsus holatlarga tushgan shaxslar uchun doimiy yashash ruxsatnomasi to‘lovi kamaytirilishi mumkin. Bunday holatda to‘lov 20 ming iyenagacha pasaytiriladi.
Shu bilan birga, Yaponiyada doimiy yashash uchun talablar ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. Immigratsiya xizmatlari agentligi 2026-yil 1-oktabrdan yangilangan ko‘rsatmalarni e’lon qildi.
Yangi mezonlarga ko‘ra, doimiy yashash uchun ariza beruvchining mustaqil ravishda yashash imkoniyati, oilaning daromadi, pensiya ta’minoti va moliyaviy holati kengroq hisobga olinadi. Xususan, oilaning daromadi Yaponiyadagi xuddi shunday tarkibdagi yapon oilalari uchun o‘rtacha daromad darajasi bilan solishtiriladi. Pensiyaning mavjudligi va kelgusidagi pensiya darajasi, ayrim hollarda moliyaviy aktivlar ham baholash mezoniga aylantiriladi.
Bundan tashqari, yapon tilini B1 darajasi yoki unga teng darajada bilish ham doimiy yashash masalasini ko‘rib chiqishda hisobga olinadigan omillardan biri etib belgilangan. Ayrim toifalarga, jumladan, muayyan yuqori malakali mutaxassislar, ularning oila a’zolari va Yaponiyada yetarli muddat ta’lim olgan ayrim shaxslarga istisnolar qo‘llanadi.
Yangi mezonlarning barchasi bir vaqtning o‘zida kuchga kirmaydi. Immigratsiya xizmatlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2027-yil 1-apreldan 2026-yil 1-oktabrda yangilangan doimiy yashash bo‘yicha qo‘llanma to‘liq qo‘llanadi. 2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 31-martgacha topshiriladigan arizalarda esa avvalgi qo‘llanma saqlanadi, biroq daromadga oid ayrim yangi mezonlar hisobga olinadi.








