9 nafar tinch aholi halok bo‘ldi: Pokiston Afg‘onistonga havo zarbalari berdi
Pokiston “terrorchilar lagerlari va boshpanalari”ga zarba berilganini ta'kidladi.

Islom Amirligi vakili Zabihulloh Mujohid esa Pokiston kuchlari Kunar va Helmand viloyatlaridagi aholi yashaydigan hududlarga zarba berganini bildirgan.
Uning aytishicha, hujumlar oqibatida 9 nafar tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan, yana 11 kishi yaralangan. Shuningdek, uchta turar joy binosi vayron qilingani aytilgan.
Mahalliy aholi ham havo zarbalari ayrim turar joylarga tekkanini bildirgan. Afg‘oniston tomoni bu hujumlarni mamlakat suverenitetiga tajovuz sifatida baholagan.
Biroq, Pokiston Axborot vazirligi bayonotiga ko‘ra, zarbalar Afg‘oniston hududidagi “terrorchilar lagerlari va boshpanalari”ga qaratilganini ta’kidlamoqda. Vazirlik hujumlar natijasida 22 nafar jangari o‘ldirilgani, shuningdek, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar saqlangan joylar yo‘q qilinganini ma’lum qilgan.
BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasi esa keyinchalik kamida 10 nafar tinch fuqaro, ularning aksariyati bolalar, halok bo‘lganini qayd etgan.
Havo zarbalari Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi so‘nggi oylar davomida kuchayib borayotgan taranglik fonida yuz berdi. Islomobod Afg‘oniston hududida Pokiston ichidagi hujumlarni uyushtirayotgan jangari guruhlar yashiringanini da’vo qilmoqda. Kobul esa bu ayblovlarni rad etib keladi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil davomida chegaradagi qurolli zo‘ravonliklar oqibatida Afg‘onistonda 1 100 dan ortiq tinch fuqaro halok bo‘lgan yoki jarohatlangan








