“Bu xabarlarni vazir yubormagan”: Oliy ta’lim vazirligidan ogohlantirish
Qo‘ng‘irotboy Sharipov nomidan yuborilayotgan xabarlar soxta ekani ma’lum qilindi.

Telegram messenjeri orqali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov nomidan turli shaxslarga soxta xabarlar yuborilmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur xabarlarni Qo‘ng‘irotboy Sharipovning o‘zi yubormagan. Shuningdek, xabarlarda ko‘rsatilgan Telegram akkaunti vazirning shaxsiy akkaunti emas.
Shu munosabat bilan fuqarolardan bunday xabarlarga ishonmaslik va ularga javob bermaslik so‘raldi.
Vazirlik, ayniqsa, fuqarolarni telefonlariga keladigan tasdiqlash kodlarini hech kimga yubormaslik yoki aytmaslik, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlar va hujjatlarni begona shaxslarga taqdim etmaslik haqida ogohlantirdi.
Vazirlik faoliyatiga oid rasmiy ma’lumotlar faqat uning rasmiy axborot kanallari orqali e’lon qilinishi eslatildi.
Fuqarolar noma’lum akkauntlardan kelgan xabarlar, havolalar yoki ma’lumot so‘rovlariga ehtiyotkorlik bilan yondashishi hamda shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilmasligi tavsiya etildi.








