Hamma kutgan qonun: Senat umrbod qamoq jazosini ma’qulladi
Hujjatga ko‘ra, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan ayrim jinsiy jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosi qo‘llanadi.

Oliy Majlis Senatining 2-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan 20-yalpi majlisida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun ko‘rib chiqildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Qonun bilan 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etiladi.
Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlarining o‘tib ketganligi qo‘llanmaydi.
Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish hamda jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish imkoniyati ham bekor qilinadi.
Qonunda bolalarning tergov va sud jarayonidagi huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi kafolatlar ham belgilangan.
Jumladan, jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga protsessual harakatlarga jalb etilgan ilk daqiqalardan boshlab davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam ko‘rsatiladi.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayoni videoyozuv orqali qayd etiladi. Jinsiy jinoyat qurboni bo‘lgan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirish maxsus tartibda o‘tkaziladi. Jabrlanuvchi bola va ayblanuvchini yuzlashtirish esa faqat tergovchi yoki prokuror qarori yoxud sud ajrimi asosida amalga oshiriladi.
Agar zo‘ravonlik oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, protsessual jarayonlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy etiladi.
Bundan tashqari, ta’lim va tarbiya muassasasi xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan taqdirda, uning mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilish uchun asos yaratiladi. Bunday shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashiga ham cheklov qo‘yiladi.
Qonun bilan ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, ularning asosiy ehtiyojlarini qasddan qanoatlantirmasligi, nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishi hamda bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmasligi uchun ma’muriy javobgarlik choralari ham kuchaytiriladi.
Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar hamda bolalarning so‘roviga ko‘ra, ularning yashash manziliga yozma yoki elektron javob yubormaslik tartibi joriy etiladi. Bu qayta zo‘ravonlik xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Mazkur qonun bolalarning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, zo‘ravonlikning oldini olish hamda bunday jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan.








