Har 10 qochqin boladan 4 nafari maktabga bormayapti — BMT
2025-yilda dunyo bo‘ylab maktab yoshidagi 13,1 mln qochqin bolaning 5,8 mln nafari ta’limdan chetda qolgan.

BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari (BMT QOKB) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda dunyo bo‘ylab maktab yoshidagi 13,1 mln qochqin bolaning 5,8 mln nafari, ya’ni 44 foizi maktabga bormagan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, ta’lim sohasidagi global moliyalashtirishning qisqarishi millionlab qochqin bolalarni ta’limdan mahrum qilishi va bu yo‘nalishda erishilgan yutuqlarni ortga surishi mumkin.
Qochqin bolalar uchun boshlang‘ich ta’limdan o‘rta ta’limga o‘tish asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda boshlang‘ich maktab yoshidagi qochqin bolalarning 65 foizi maktabda ta’lim olgan. O‘rta maktab yoshidagi bolalar orasida esa bu ko‘rsatkich atigi 32 foizni tashkil etgan.
Ta’limdagi tafovut qizlar orasida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Boshlang‘ich ta’limda qizlar va o‘g‘il bolalarning maktabga qatnash darajasi deyarli teng bo‘lsa-da, o‘rta ta’lim bosqichida farq sezilarli darajada oshmoqda.
BMT QOKB bunga qashshoqlik, xavfsizlikka tahdidlar, erta turmush qurish va boshqa omillar sabab bo‘layotganini qayd etgan. Ushbu omillar, ayniqsa, o‘smir qizlarning ta’limni davom ettirishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Oliy ta’limda esa qochqinlar uchun imkoniyatlar biroz yaxshilangani qayd etilgan. 2025-yilda universitetlarda tahsil olayotgan qochqinlar ulushi 11 foizga yetgan. Bu 2024-yildagi 9 foizlik ko‘rsatkichdan yuqori.
Shuningdek, ilk bor 450 mingdan ortiq qochqin oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Biroq bu imkoniyatlar ham mamlakatlar kesimida bir xil emas.
Hisobotga ko‘ra, ma’lumot taqdim etgan mamlakatlarning 80 foizidan ortig‘ida oliy ta’lim olishni istagan qochqinlar ulushi milliy o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Kam daromadli va mojarolardan jabr ko‘rgan davlatlarda esa qochqinlarning atigi 2 foizi universitetlarda tahsil olmoqda.
BMT QOKB xalqaro hamjamiyat va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarni qochqinlar ta’limini moliyalashtirishni davom ettirishga hamda qochqinlarni qabul qilayotgan mamlakatlarning milliy ta’lim tizimlariga investitsiya kiritishga chaqirdi.







