Ikki mahbus sabab mojaro: Janubiy Koreya Ukrainadan uzr talab qildi
Prezident Li Chje Myon Kiyev uzr so‘ramasa, qo‘shimcha choralar ko‘rilishini bildirdi.

Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon Ukraina ikki Shimoliy Koreya harbiy asirining Janubiy Koreyaga topshirilgani haqidagi ma’lumotni oshkor qilgani yuzasidan Kiyevdan uzr talab qildi. U Ukraina faktlarni tan olish va ommaviy uzr so‘rashdan bosh tortsa, qo‘shimcha choralar ko‘rilishini bildirdi.
Li Chje Myonning aytishicha, Ukraina tomoni Shimoliy Koreyalik harbiy asirlarni Janubiy Koreyaga topshirish jarayonini maxfiy saqlashni so‘ragan va tomonlar bunga kelishgan. Biroq keyinchalik Ukraina mazkur ma’lumotni ommaga oshkor qilgan.
Janubiy Koreya prezidenti Ukraina tomonining kelishuv mavjudligini inkor etganidan ham norozi ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Seul Kiyevdan kelishuvni tan olish va bu holat yuzasidan ommaviy ravishda uzr so‘rashni talab qilgan.
Li Chje Myon, shuningdek, Ukraina tomonidan Koreya yarimorolida yaqinlashib kelayotgan to‘qnashuv haqidagi bayonotlardan ham noroziligini bildirgan. U bunday bayonotlar mintaqadagi vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan.
Mojaro Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi vaqtida ikki Shimoliy Koreya askari Janubiy Koreyaga topshirilgani haqida ma’lum qilganidan keyin kuchaydi. Mazkur harbiylar Ukraina tomonidan Rossiyaning Kursk viloyatidagi janglar vaqtida asirga olingan edi.
O‘z navbatida, Ukraina tomoni Seul va Kiyev o‘rtasida harbiy asirlarni topshirish bo‘yicha maxfiylik kelishuvi mavjud bo‘lganini inkor qilgan. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga esa vaziyatni diplomatik tushunmovchilik deb atab, Janubiy Koreya bilan munosabatlarni tez orada yaxshilashga umid bildirgan.
Janubiy Koreya esa Ukrainadan rasmiy tushuntirish va uzr talab qilmoqda. Prezident Li Chje Myonning so‘nggi bayonotiga ko‘ra, agar Kiyev bu talablarni bajarmasa, Seul keyingi choralarni ko‘rib chiqadi. Qanday choralar ko‘rilishi hozircha ochiqlanmagan.








