“Muzokaralarni boshlashga tayyormiz”: Putin Ukraina bo‘yicha bayonot berdi
Rossiya prezidentining qayr etilishicha, kelishuv Rossiya va uning xalqi uchun maqbul shartlarda bo‘lishi kerak.

Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha muzokaralarni boshlash va ularni imkon qadar tezroq yakunlashga tayyorligini ma’lum qildi.
Putin bu haqda Valday xalqaro munozara klubining yalpi majlisida gapirgan.
“Biz ushbu muzokaralarni boshlashga va ularni imkon qadar tezroq yakunlashga tayyormiz, biroq Rossiya Federatsiyasi va xalqimiz uchun maqbul shartlar asosida”, — dedi Putin.
Rossiya prezidenti muzokaralar davomida qarorlar Ukraina hududida yuz berayotgan vaziyat va amaldagi voqeliklardan kelib chiqib qabul qilinishi kerakligini ta’kidlagan.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Moskva tinchlik kelishuviga erishish masalasidagi barcha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor, biroq Rossiya uchun maqbul shartlar asosiy mezon bo‘lib qoladi. Reuters avvalroq Putin tinchlik bo‘yicha mavjud takliflar “stolda” ekanini, kelgusidagi qarorlar esa Rossiya manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilinishini bildirganini xabar qilgan.
Shu bilan birga, Putin Ukraina tomonini harbiy harakatlarni to‘xtatishga intilmayotganlikda aybladi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya parlament saylovlari kunlari Ukraina tomonidan Moskva va ayrim saylov uchastkalariga hujumlar uyushtirilgan.
Putin bu hujumlardan keyin Rossiya qanday javob berishini o‘ylab ko‘rishini aytgan va Kiyev “javobni his qilishi” kerakligini bildirgan. Bu bayonot Moskvaning muzokaralarga tayyorligi haqidagi pozitsiyasi bilan bir qatorda yangradi. Reuters ham Kreml so‘nggi hujumlar Rossiyaning muzokara bo‘yicha yondashuviga ta’sir qilganini bildirganini qayd etgan.
Ayni paytda Ukraina bo‘yicha diplomatik tashabbuslar davom etmoqda. 25-sentabr kuni Reuters AQSh Rossiya, Ukraina va AQSh ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuvni o‘tkazishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi.








