“Odamlar ko‘chada yotibdi”: Maktab ta’limi vazirligi videoga izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik qabulxonasiga murojaat qilgan fuqarolar “ko‘chada yotibdi” degan mazmundagi xabarlar tarqaldi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “Antikorrupsiya” kanalida “Ta’lim vazirligida kimlar ishlaydi?” sarlavhasi ostida tarqalgan, vazirlik qabulxonasiga murojaat qilgan fuqarolar “ko‘chada yotibdi” mazmunidagi videoga munosabat bildirdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, videoda aks etgan holat joriy yilning may oyida sodir bo‘lgan. Fuqaroning murojaati vazirlik mas’ullari tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilib, unga tegishli tushuntirishlar berilgan. Mazkur holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar ham vazirlikda mavjud.
Vazirlik bir necha oy avval sodir bo‘lgan holatni “yaqinda bo‘lgan voqea” sifatida taqdim etish jamoatchilikni chalg‘itishi mumkinligini qayd etgan.
Shuningdek, axborot tarqatishda voqeaning sanasi, mazmuni va haqqoniyligini tekshirish har bir mas’uliyatli axborot tarqatuvchining vazifasi ekani ta’kidlangan.
Vazirlikning qayd etishicha, so‘nggi vaqtlarda maktabgacha va maktab ta’limi tizimi faoliyatiga oid asosli va asossiz tanqidlar, kontekstdan uzib olingan holatlar hamda eski videolarni yangi voqeadek taqdim etish holatlari uchramoqda.
“Biz tanqid va jamoatchilik fikrini rad etmaymiz. Aksincha, asosli murojaat va tanqidlar tegishli tartibda o‘rganilishi zarur va o‘rganilmoqda”, — deyiladi munosabatda.
Biroq vazirlik haqiqatga asoslanmagan, bir tomonlama yoki noto‘g‘ri talqin qilingan axborot tarqatilishi ta’lim tizimiga hamda unda faoliyat yuritayotgan xodimlarning sha’niga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari axborot tarqatishda xolislik, mas’uliyat va jurnalistik-axloqiy me’yorlarga amal qilishga, tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka hamda turli axborot xuruji va sun’iy shov-shuvlarga qo‘shilmaslikka chaqirildi.
“Axborot tarqatishda shov-shuv emas, haqiqat ustuvor bo‘lishi kerak”, — deyiladi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabatida.








