O‘zbekiston kontenti uchun xalqaro maydon: Tashkent Content Market Bokuda taqdim etildi
Platforma O‘zbekiston kontentini xalqaro bozorlarga olib chiqish, distribyutsiya va koproduksiya imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Bokuda CICA Media Forum doirasida O‘zbekistonda yaratilayotgan media kontentni xalqaro bozorlarda ilgari surish va tarqatishga qaratilgan Tashkent Content Market (TCM) taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“Building Trust through Media in a Polarized World” mavzusidagi forum Boku Kongress markazida o‘tkazildi. Taqdimot Ozarbayjon Respublikasi Media va teleradioeshittirish kengashi ko‘magida tashkil etildi.
Unda Ozarbayjon televideniye va media industriyasining yetakchi vakillari hamda xalqaro media-forum ishtirokchilari qatnashdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Tashkent Content Marketning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari va O‘zbekistonda yaratilayotgan televideniye, hujjatli, ko‘ngilochar hamda raqamli kontentni xorijiy bozorlarda ilgari surish istiqbollari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, telekompaniyalar, media platformalar, prodyuserlik markazlari va kontent huquq egalari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Xorijiy ishtirokchilarga O‘zbekistonda yaratilgan kontentni xarid qilish va tarqatish, shuningdek, qo‘shma media loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari taqdim etildi.
Tashkent Content Marketning xalqaro ishtirokchilari qatorida Amazon MGM Studios, Prime Video, BBC Studios, CNN, Sony, Banijay Americas, NBCUniversal, Netflix, Roku, YouTube, Warner Bros., ZDF, Canal+, France TV, TF1, Tencent Video, iQIYI, mk2 hamda global kontent industriyasining boshqa yirik kompaniyalari va media xoldinglari bor.
Taqdimotda xalqaro kompaniyalarning keng ishtiroki Ozarbayjon media bozori vakillari uchun ham yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishi qayd etildi.
Jumladan, Ozarbayjon telekanallari, prodyuserlik kompaniyalari va kontent huquq egalari Tashkent Content Market orqali o‘z mahsulotlarini xalqaro auditoriyaga taqdim etish, distribyutsiya va koproduksiya yo‘nalishlarida yangi hamkorlar topish, shuningdek, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tashkilotchilar Tashkent Content Marketni MDH hududidagi yirik kontent marketlaridan biriga aylantirishni ko‘zlamoqda. Platforma turli mamlakatlarning kontent ishlab chiqaruvchilari, telekanallari, OTT platformalari, distribyutorlari va huquq egalari vakillarini bir maydonda birlashtirishga xizmat qiladi.
Tashkent Content Marketda ishtirok etish uchun rasmiy tcm.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.








