Hindiston-Pokiston chegarasida otishma: ikki pokistonlik halok bo‘ldi
Hindiston OAVlari ularni chegarani buzishga uringan shaxslar sifatida taʼriflagan.

Hindistonning Chegara xavfsizligi kuchlari (BSF) tomonidan Pokistonning Kasur chegara hududida o‘t ochilishi oqibatida ikki fuqaro halok bo‘ldi, yana bir kishi yaralandi. Bu haqda Dawn xavfsizlik manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, hodisa Ladhar qishlog‘i aholisi bo‘lgan uch nafar fuqaro chegara ustunidan bir necha qadam nariga o‘tganidan so‘ng yuz bergan. Pokiston xavfsizlik manbalari Hindistonning Chegara xavfsizligi kuchlari xodimlari ularga ogohlantirishsiz o‘t ochganini bildirgan.
Manbalarning taʼkidlashicha, uchala fuqaro ham qurolsiz bo‘lgan va chegara to‘sig‘idan o‘tishga urinmagan.
Pokiston tomoni ushbu hodisani Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi chegara kelishuvi hamda xalqaro chegaradagi harakatlarni tartibga soluvchi standart tartib-taomillarning buzilishi sifatida baholagan.
Shu bilan birga, hodisaning tafsilotlari bo‘yicha tomonlarning pozitsiyasi bir xil emas. Hindiston OAVlari halok bo‘lganlarni chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan shaxslar sifatida taʼriflagan. Pokiston tomoni esa bu maʼlumotni rad etib, fuqarolar chegarani kesib o‘tishga urinmaganini bildirmoqda.








