Kashpirovskiyning so‘nggi seansi: mashhur “teletabib” 87 yoshida olamdan o‘tdi
U suvni “zaryadlash”, tomoshabinlarga turli “ustanovka”lar berish va gipnoz seanslari o‘tkazishi bilan tanilgan.

Sobiq ittifoq davrida televizion “davolash seanslari” bilan mashhur bo‘lgan Anatoliy Kashpirovskiy 87 yoshida vafot etdi. U 3-oktyabr kuni Moskva shahrida hayotdan ko‘z yumgan.
Kashpirovskiyning vafot etgani haqida rossiyalik teleboshlovchi Andrey Malaxov ma’lum qilgan. Keyinchalik bu xabar uning yaqin vakili Sergey Rudix tomonidan ham tasdiqlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kashpirovskiyning qon bosimi keskin tushib ketgan va tez yordam chaqirilgan. U shifoxonaga olib ketilgan, biroq yuragi to‘xtagan. Yurak faoliyatining to‘xtashiga nima sabab bo‘lgani hozircha aniqlanmoqda.
Anatoliy Kashpirovskiy 1939-yil 11-avgustda Ukrainaning Stavnitsa qishlog‘ida tug‘ilgan. U Vinnitsa tibbiyot institutini tamomlagan va qariyb 25 yil davomida psixiatriya shifoxonasida ishlagan.
Unga katta shuhrat 1980-yillarning oxirida kelgan. 1989-yilda Markaziy televideniyeda Kashpirovskiyning “sog‘lomlashtirish seanslari” namoyish etila boshlagan. Dasturlar davomida u tomoshabinlarga gipnoz va turli psixoterapevtik usullar orqali ta’sir ko‘rsatgan. Uning ko‘rsatuvlari butun sobiq ittifoq bo‘ylab millionlab odamlarni televizor qarshisiga jamlagan.
Kashpirovskiy televizion faoliyati davomida masofadan turib turli kasalliklarni davolash mumkinligini ta’kidlagan. U suvni “zaryadlash”, tomoshabinlarga turli “ustanovka”lar berish va gipnoz seanslari o‘tkazishi bilan tanilgan. Keyinchalik uning usullari ilmiy va tibbiy doiralarda keskin tanqid qilingan. Rossiya Fanlar akademiyasi 2024-yilda Kashpirovskiyning usullarini soxta ilmga oid deb baholagan.
Kashpirovskiy keyinchalik siyosat bilan ham shug‘ullangan. 1993-yilda u Rossiya Davlat dumasi deputati etib saylangan. 1995-yilda Budyonnovskdagi garovga olinganlar bilan bog‘liq vaziyatda terrorchilar bilan muzokaralarda qatnashgan.
U so‘nggi yillarda ham o‘z faoliyatini to‘liq to‘xtatmagan. 2020-yildan boshlab YouTube orqali onlayn “sog‘lomlashtirish seanslari” o‘tkazgan.








