Rossiyada vabo xavfi: AQSh fuqarolariga mamlakatni zudlik bilan tark etishga chaqirdi
AQSh elchixonasi Rossiyadagi amerikaliklar uchun sog‘liq bo‘yicha ogohlantirish e’lon qildi.

AQShning Rossiyadagi elchixonasi Irkutsk viloyatida pnevmonik vabo xavfi yuzaga kelgani haqidagi xabarlar ortidan mamlakatdagi amerikaliklar uchun sog‘liq bo‘yicha ogohlantirish e’lon qildi.
Diplomatik missiya Irkutsk viloyatida bir kishining o‘limi, pnevmonik vabo ehtimoli va karantin choralari joriy etilgani haqidagi xabarlarni kuzatib borayotganini ma’lum qildi.
AQSh Davlat departamenti Rossiya hududida bo‘lgan fuqarolariga mamlakatni zudlik bilan tark etishni tavsiya qildi. Rossiyaga safar qilishni rejalashtirayotgan amerikaliklarga esa mamlakatga bormaslik tavsiya etildi.
Elchixona, shuningdek, AQSh hukumatining Rossiyadagi, ayniqsa Moskva tashqarisidagi fuqarolarga favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish imkoniyatlari cheklanganini qayd etgan.
Rossiyada bo‘lgan amerikaliklarga mahalliy sog‘liqni saqlash organlari ko‘rsatmalariga amal qilish, imkon qadar cheklangan tibbiy muassasalarga bormaslik hamda isitma yoki nafas olish bilan bog‘liq alomatlar paydo bo‘lsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish tavsiya qilingan.
Epidemiya ehtimoli mavjud hududlarda bo‘lgan fuqarolarga esa safardan keyingi 14 kun davomida sog‘lig‘ini kuzatib borish va favqulodda vaziyat yuzaga kelganda AQSh hukumatining yordamiga tayanmaydigan chiqish rejasini oldindan tayyorlash tavsiya etilgan.
Avvalroq Rossiyaning Irkutsk viloyatida vabo bilan bog‘liq xavf yuzaga kelgani haqida xabar berilgan edi. Xabarlarga ko‘ra, Shelexovskiy tumanida o‘ta xavfli infeksiyaga gumon qilingan holat qayd etilgan. Keyinchalik hududdagi mutasaddilar vaziyat nazorat ostida ekanini bildirgan.
AQSh rasmiylari Rossiya tomonini aniqlangan infeksiya bo‘yicha xalqaro hamjamiyatga ko‘proq ma’lumot taqdim etishga chaqirgan.








