Sharʼiy nikohdan keyingi zo‘ravonlik: Olmazorda voyaga yetmagan qiz himoyaga olindi
Erkak voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilib, unga tan jarohati yetkazgan.

Toshkent shahrining Olmazor tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘ravonlik holati aniqlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, Ch.B. 2025 yil 28-avgust kuni voyaga yetmagan N.M. bilan sharʼiy nikohdan o‘tib, shu kundan buyon u bilan birga yashab kelgan.
Qayd etilishicha, Ch.B. voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘ravonlik ishlatib, jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan hamda unga tan jarohati yetkazgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
5-oktyabr kuni Olmazor tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda tuman IIB xodimlari voyaga yetmagan qiz va uning ammasi bilan suhbat o‘tkazgan.
Hozirda qizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xavfsizligini taʼminlash hamda ruhiy holatini barqarorlashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, kelgusida tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish maqsadida voyaga yetmagan N.M.ga himoya orderi rasmiylashtirilgan.








