Ukrainada demografik muammo kuchaymoqda: 6 oyda mamlakatdan chiqishlar soni kirishlardan 223 mingtaga ko‘p bo‘ldi
Harbiy yoshdagi erkaklar uchun xorijga chiqish cheklanganiga qaramay, Ukrainani tark etayotganlar soni ortmoqda.

2026-yil yanvar–iyun oylarida Ukrainadan 7,13 millionga yaqin chiqish, mamlakatga esa 6,907 millionga yaqin kirish holati qayd etilgan. Natijada chiqishlar va kirishlar o‘rtasidagi tafovut qariyb 223 ming kishini tashkil etgan.
TASS Ukraina Davlat chegara xizmati maʼlumotlariga tayanib xabar berishicha, mamlakatni tark etganlar soni kirganlardan sezilarli darajada yuqori bo‘lgan.
Ukrainadan aholining chiqib ketishi so‘nggi yillarda ham davom etmoqda. Mamlakatda harbiy xizmat yoshidagi erkaklarning xorijga chiqishiga nisbatan qatʼiy cheklovlar mavjud bo‘lishiga qaramay, aholining bir qismi mamlakatni tark etmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2022-yilda Ukrainadan 7–8 millionga yaqin chiqish qayd etilgan. 2023-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 180 ming, 2024-yilda 460 ming, 2025-yilda esa 302 ming kishini tashkil qilgan.
Ukraina aholisining hozirgi aniq sonini hisoblash qiyin. Mamlakatda so‘nggi umumiy aholi ro‘yxati 2001-yilda o‘tkazilgan. Kiyev nazoratidagi hududlarda qancha aholi qolganiga doir turli baholarda 20–30 million kishi atrofidagi raqamlar keltiriladi.
Mutaxassislar aholining kamayishi va ommaviy migratsiya Ukrainada demografik muammolarni yana-da kuchaytirayotganini taʼkidlamoqda.








