TDTU talabalari issiq va qulay turar joylarga joylashtirildi
Yotoqxonaga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan uch kun muddatda to‘liq qaytarib beriladi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova boshchiligidagi ishchi guruh talabalar turar joyiga borib, vaziyatni joyida o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida tadbirkor, tegishli mas’ullar, prokuratura xodimlari hamda Toshkent davlat texnika universiteti rahbariyati ishtirok etdi. Holat yuzasidan zarur choralar belgilandi.
Aniqlanishicha, Talabalar shaharchasida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan mazkur talabalar turar joyi hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Xususan, obyektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan va undan foydalanish uchun zarur ruxsatnomalar olinmagan.
Shuningdek, binoda issiq suv va isitish tizimlari hali to‘liq ulanmagan. Obyektning yong‘in xavfsizligi bo‘yicha amaldagi talablarga muvofiqligi ham ta’minlanmagan.
Shu munosabat bilan talabalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ular mazkur obyektdan chiqarilib, universitetning mavjud talabalar turar joylari hamda ijara xonadonlariga to‘liq joylashtirildi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur obyektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan uch kun muddatda to‘liq qaytarib beriladi.
Ayni paytda obyektning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, undan foydalanish uchun zarur ruxsatnomalarni olish bo‘yicha tegishli ishlar davom ettirilmoqda.
Mas’ullar tomonidan holatning barcha jihatlari o‘rganilib, talabalarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.








