1,2 kg dan ortiq narkotik moddalar: Toshkentda internet narkodo‘koni “zakladchik”i ushlandi
Yigit muqaddam o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda sintetik narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq holatni aniqladi.
Yunusobod tumanidagi “Uch qahramon” YPX maskanida poytaxtga kirib kelayotgan “Spark” rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshirilgan. Natijada, avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 2004-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan shaxsga tegishli sellofan paket ichidan 200 ta zip-paketga qadoqlangan 365 gramm “Mefedron” sintetik narkotik moddasi topilgan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs vaqtincha istiqomat qilayotgan Toshkent tumanidagi xonadon ham ko‘zdan kechirilgan. U yerdan yana 734 gramm “Mefedron”, 63 gramm “Alfa-PVP”, 45 gramm “Spays”, ikkita elektron tarozi, zip-paketlar va boshqa ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shu tariqa, jami 1 kg 207 gramm sintetik narkotik moddalar aniqlangan.
Aniqlanishicha, muqaddam o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan mazkur shaxs internet narkodo‘konida “zakladchik” sifatida faoliyat yuritgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








