680 ming so‘m saqlab qolinadi: banklarning kredit pulini avtomatik yechishiga cheklov qo‘yiladi
Banklar barcha kartalardagi jami qoldiq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmidan kamayib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

O‘zbekistonda 2027-yil 10-yanvardan tijorat banklari mijozlarning kredit va kafillik to‘lovlarini ularning alohida topshirig‘isiz avtomatik yechib olganda, bank kartalarida jami kamida 680 ming so‘m qoldirishi kerak bo‘ladi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining qarorida belgilangan.
Hujjat bilan bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarda tijorat banklari faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritilmoqda.
Yangi talabga ko‘ra, bank mijoz bilan tuzilgan shartnoma asosida kredit yoki kafillik to‘lovlarini uning alohida topshirig‘isiz undirganida, mijozning barcha bank karta hisobvaraqlarida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmiga teng mablag‘ saqlanib qolishi lozim.
Hozirda ushbu miqdor 680 ming so‘mni tashkil etadi. Demak, avtomatik undirishdan keyin mijozning barcha bank kartalaridagi jami qoldiq belgilangan chegaradan kamaymasligi kerak.
Cheklov faqat kredit va kafillik to‘lovlarini mijozning alohida topshirig‘isiz avtomatik yechib olish operatsiyalariga taalluqli.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach — 2027-yil 10-yanvardan kuchga kiradi.








