8,8 mln so‘mgacha jarima: nosoz samolyotlarni uchirganlarga jazo belgilanmoqda
Shuningdek, Fuqarolik aviatsiyasi agentligi ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilash taklif etilgan.

O‘zbekistonda havo kemalaridan foydalanish va parvozlar xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etish taklif qilinmoqda. Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, havo kemalarining parvozini amalga oshirish yoki parvozlarni ta’minlash bilan bevosita bog‘liq faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarning bunday faoliyat bilan shug‘ullanishi yoki ushbu huquqni boshqa shaxslarga berishi uchun fuqarolarga 10 BHM — 4,4 million so‘m, mansabdor shaxslarga esa 20 BHM — 8,8 million so‘m jarima solish taklif etilmoqda.
Yo‘lovchi yoki yuk sig‘imi me’yorlarini, havo kemasining maksimal uchish massasi yoxud muvozanati bo‘yicha cheklovlarni buzgan holda parvoz qilish uchun 15 BHM — 6,6 million so‘m jarima belgilanishi mumkin.
Texnik nosozligi bo‘lgan yoki muayyan shartlar sababli foydalanish taqiqlangan havo kemasida, jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, parvoz amalga oshirilsa, 20 BHM — 8,8 million so‘m jarima qo‘llash taklif etilmoqda.
Belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki tanish yoxud ro‘yxat belgilariga ega bo‘lmagan havo kemasini boshqarish uchun 10 BHMdan 20 BHMgacha, ya’ni 4,4 million so‘mdan 8,8 million so‘mgacha jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qonun loyihasida havo kemasi yo‘lovchilarining xulq-atvor qoidalarini buzganlik uchun ham javobgarlik nazarda tutilgan. Jumladan, havo kemasi komandiri yoki uning nomidan ekipaj a’zosi bergan tegishli ko‘rsatmalarni bajarmagan yo‘lovchiga 5 BHM — 2,2 million so‘mdan 10 BHM — 4,4 million so‘mgacha jarima solish taklif qilinmoqda.
Xuddi shunday qoidabuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima 15 BHM — 6,6 million so‘mdan 20 BHM — 8,8 million so‘mgacha bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Fuqarolik aviatsiyasi agentligi ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun fuqarolarga 20 BHM — 8,8 million so‘m, mansabdor shaxslarga esa 50 BHM — 20,6 million so‘m jarima belgilash taklif etilmoqda.
Mazkur qoidabuzarlik bir yil ichida takror sodir etilsa, fuqarolarga 50 BHM — 22 million so‘m, mansabdor shaxslarga esa 100 BHM — 44 million so‘m jarima solinishi mumkin.
Hujjat qabul qilinsa, undagi o‘zgartirishlar qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirishi belgilangan.








