“Bunga erishamiz va bu tezda amalga oshadi”: Tramp Ukraina va Eron haqida
AQSH prezidenti Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish jarayoni tezlashganini ma’lum qildi.

Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaro, shuningdek, AQSh va Eron o‘rtasidagi urush tez orada hal qilinishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu borada muzokaralar jadal davom etmoqda.
Tramp bu haqda Nyu-York shtatida Respublikachilar partiyasidan gubernatorlikka nomzodni qo‘llab-quvvatlash mitingida so‘zlagan. U Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelishuvga erishilishiga ishonch bildirgan.
“Biz bunga erishamiz va bu tezda amalga oshadi. Men yana ikkita urushni hal qilish arafasidaman”, — degan AQSh prezidenti.
Ushbu bayonot Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatidan keyin yangragan. Tomonlar suhbat davomida Ukraina atrofidagi vaziyat va boshqa masalalarni muhokama qilgan. Rossiya prezidenti yordamchisining ma’lum qilishicha, Putin Kiyevning harakatlari tinchlik muzokaralariga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlagan.
Mayamida AQSh, Ukraina va Yevropa davlatlari vakillari ishtirokida ham muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvlarda mojaroni qish boshlanishidan oldin tugatish imkoniyatlari, don eksporti, uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlari va Ukrainaning urushdan keyingi tiklanishi muhokama qilingan.
Reuters xabariga ko‘ra, tomonlar yaqin haftalarda mojaroni hal qilish bo‘yicha yagona taklifni kelishib, keyin uni Rossiyaga taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Tramp Truth Social tarmog‘idagi postida o‘zi sakkizta mojaroni hal qilganini da’vo qilgan edi. U Pokiston va Hindiston, Kambodja va Tailand, Serbiya va Kosovo, Kongo va Ruanda, Isroil va Eron, Misr va Efiopiya, Armaniston va Ozarbayjon, shuningdek, Isroil va Hamas o‘rtasidagi mojarolarni sanab o‘tgan.
AQSh prezidenti ushbu mojarolarning har biri uchun Nobel tinchlik mukofotiga loyiq bo‘lganini aytgan. Shuningdek, u Nobel qo‘mitasining qarorini tanqid qilgan va mukofotning berilish tartibidan noroziligini bildirgan.








