Piskent hokimi fermerlarga bosim o‘tkazgani aytilmoqda: prokuraturaga murojaat qilindi
Fermerlar kengashi hokim fermerlarga bosim o‘tkazgani haqidagi xabarlar ortidan murojaat yo‘llagan.

O‘zbekiston fermerlari kengashi Toshkent viloyati Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovning fermerlarga bosim o‘tkazgani haqidagi xabarlar yuzasidan prokuratura organlariga murojaat qildi. Bu haqda “Fermer minbari” Telegram-kanali xabar berdi.
Kengash 2026-yil 9-oktyabr kuni yo‘llagan murojaatida hokimning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishida amaliy yordam so‘ragan.
Avvalroq Piskent tumani hokimi fermerlarni haqorat qilgani va kartoshka ekilmasa, yerlarini olib qo‘yish bilan tahdid qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Fermerlar kengashi munosabatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi eslatilib, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi ta’kidlangan. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha jarima belgilanishi qayd etilgan.
Hokimlik 9-oktyabr kuni holat yuzasidan izoh berib, fermerlar bilan yig‘ilish kartoshka ekish bo‘yicha belgilangan rejalar bajarilmagani sababli o‘tkazilganini bildirgan.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, tumanda g‘alladan bo‘shagan qariyb ming gektar yerda takroriy ekin sifatida kechki kartoshka yetishtirish rejalashtirilgan. Biroq ayrim fermerlar belgilangan reja asosida kartoshka ekmagan, yer maydonlarini esa boshqa shaxslarga sotib yuborgan.
Hokimlik yer fermerning xususiy mulki emasligini, undan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishini ta’kidlagan. Shu bilan birga, hokimlik belgilangan vazifalarning dolzarbligi yig‘ilishdagi har qanday muomala shaklini oqlamasligini bildirgan. Fermerlarning huquqlari va aholi manfaatlari hurmat qilinishi, yig‘ilishdagi muomala hamda telefonlar olib qo‘yilgani haqidagi da’volar xolis o‘rganilishi lozimligi qayd etilgan.








