Jibuti qirg‘oqlarida muhojirlar qayig‘i cho‘kib ketdi: 139 kishi halok bo‘ldi
Qayiqda 300 kishi bo'lgan, 84 kishi bedarak yo‘qolgan.

Jibuti qirg‘oqlari yaqinida 300 dan ortiq odamni olib ketayotgan qayiq cho‘kib ketishi oqibatida kamida 139 kishi, jumladan, 15 nafar bola halok bo‘ldi. Yana 84 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda BMTning Xalqaro migratsiya tashkilotiga (IOM) tayanib, Al Jazeera xabar berdi.
Tashkilotning yakshanba kuni bergan bayonotiga ko‘ra, hodisa payshanbadan jumaga o‘tar kechasi, Adan qo‘ltig‘idagi Bob al-Mandab bo‘g‘ozi yaqinida, Jibutining sharqiy sohilidagi Guhere hududida yuz bergan.
Qayiq Jibutidan Yamanga yo‘l olgan. Halokatdan 80 nafardan ortiq kishi omon qolgan. Ularning barchasi Efiopiya fuqarolari. Jibuti qidiruv-qutqaruv xizmatlari bedarak yo‘qolganlarni qidirishni davom ettirmoqda.
IOMning Jibutidagi missiyasi rahbari Aleksandr Kuissakning aytishicha, rasmiy ma’lumotlarda faqat Jibuti hukumati tomonidan dafn etilgan qurbonlar hisobga olingan. Muhojirlarning o‘zlari dafn etgan boshqa qurbonlar jasadlari rasmiylar tomonidan tasdiqlangach, umumiy hisobga kiritilishi mumkin.
Bob al-Mandab bo‘g‘ozi Afrika shoxidan Fors ko‘rfazi mamlakatlariga ish va xavfsizlik izlab borayotgan muhojirlar foydalanadigan mashhur, biroq xavfli yo‘nalish hisoblanadi. Bo‘g‘ozning eng tor qismi taxminan 20 kilometrni tashkil etadi.
IOM ma’lumotiga ko‘ra, 10-sentyabrdan buyon Efiopiyadan Jibutiga 20 mingdan ortiq odam kelgan. O‘tgan yili esa yarim milliondan ortiq kishi ushbu yo‘nalish orqali Yamanga o‘tishga uringan. Ularning kamida 900 nafari halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.








