Toshkentda xavfli daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi: xavf solayotganlari ruxsatnoma bilan kesiladi
Poytaxtda daraxtlarning soni, turi, yoshi, holati va joylashuvi hisobga olinib, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar reyestri shakllantiriladi.

Toshkent shahrida odamlar hayoti va sog‘lig‘i hamda mol-mulkiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi. Bu Toshkent shahar hokimining 7-oktyabrdagi qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, xatlov davomida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning soni, turi, yoshi, geografik joylashuvi hamda holati o‘rganiladi. Jumladan, tabiiy omillar yoki zararkunandalar ta’sirida kasallangan, zararlangan va qurigan, shuningdek, insonlar hayoti va sog‘lig‘i hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga tahdid solayotgan daraxtlar aniqlanadi.
Xatlov ishlarini tashkil etish uchun Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov boshchiligida 13 kishidan iborat ishchi guruh tuziladi.
Xatlov yakunlari bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlar tegishli boshqarma, tashkilot va korxonalar rahbarlari tomonidan imzolanib, tasdiqlanadi. Ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun ularning birinchi rahbarlari javobgar etib belgilanadi.
Xatlov davomida xavf tug‘dirayotgani aniqlangan kasallangan, zararlangan yoki qurigan daraxtlar belgilangan tartibda tegishli ruxsatnoma olinganidan keyin kesiladi.








