20 ming xonadon, 55 ming o‘rinli stadion: Yangi Toshkentda qanday rejalar bor?
Vazirlik va davlat tashkilotlari Yangi Toshkentga ko'chiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilmoqda.
Davlat rahbari so‘nggi bir oy davomida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan takliflar, yer ajratish, ruxsat olish va to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar o‘rganilganini ta’kidladi.
Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratishni anglatadi.
Prezident aholining ehtiyojlarini hisobga olib, uy-joylar bilan bir vaqtda dam olish, sport, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlari uchun zarur infratuzilmani ham tashkil etish muhimligini ta’kidladi.
Yangi Toshkentda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming o‘rinli stadion ham qurilmoqda. U kelasi yili 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri bo‘ladi.
Shu munosabat bilan tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxonalar, kafe, restoran va ko‘ngilochar maskanlarga bo‘lgan ehtiyojni aniq hisoblab chiqish hamda bu ma’lumotlarni tadbirkorlarga ochiq taqdim etish vazifasi qo‘yildi.
Yangi Toshkentning ishbilarmonlik muhitini shakllantirishda davlat idoralarini yangi hududga ko‘chirish ham muhim ahamiyatga ega. Hozirda Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari yengil konstruksiyali binolarda faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimiga mo‘ljallangan 9 ta bino qurilmoqda.
Bosh vazirga qolgan vazirliklar va davlat tashkilotlarini ham Yangi Toshkentga ko‘chirish ishlarini boshlash topshirildi.
Zarur hollarda davlat tashkilotlarining poytaxtdagi mavjud binolarini buzib, qayta qurish huquqisiz, faqat joriy ta’mirlash va foydalanish sharti bilan sotish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.








