3 ming dollar evaziga mamlakatdan chiqish: AQSh migrant bolalarga taklif bermoqda
AQSh 5 yosh va undan katta migrant bolalarga mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etish uchun pul taklif qilmoqda.

AQSh ma’muriyati voyaga yetmagan migrantlarga mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etish evaziga 3 ming dollar taklif qilmoqda. Bu haqda Bloomberg Law advokatlar va inson huquqlari tashkilotlariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, taklif 5 yosh va undan katta bolalarga ham berilmoqda. Ayrim holatlarda bu haqda AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) prokurorlari yoki immigratsiya sudlaridagi sudyalar ma’lum qilmoqda. Bunda bolalarning qonuniy vakillari ishtirok etmasligi, shuningdek, taklifni ko‘rib chiqish uchun yetarli vaqt berilmasligi mumkin.
Bloomberg Law qayd etishicha, 2025-yilda Tramp ma’muriyati mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etishga rozi bo‘lgan 14 yosh va undan katta, hamrohsiz migrant bolalarga 2 500 dollar taklif qilishni boshlagan. Hozirgi tashabbus esa ushbu amaliyotni kengaytirib, yoshroq bolalarni ham qamrab olmoqda.
Acacia Justice Center ijrochi direktori Shayna Aberning aytishicha, tashkilot so‘nggi bir oy ichida turli hududlardagi advokatlar va kuzatuvchilardan bolalarga qonuniy vakillarisiz bunday takliflar berilayotgani haqida xabarlar olgan. Uning ta’kidlashicha, ayrim hollarda sudyalar bu bir martalik taklif ekanini va qaror qabul qilish uchun qo‘shimcha vaqt ajratilmasligini bildirgan.
Aberning fikricha, bolalardan boshpana yoki boshqa gumanitar himoya olish imkoniyatiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan masala yuzasidan darhol qaror qabul qilish so‘ralmoqda.
Amica Immigrant Rights Center ijrochi direktori Maykl Lukens ham tashkiloti va boshqa huquqni himoya qiluvchi guruhlar ICE prokurorlaridan ixtiyoriy ravishda mamlakatni tark etish uchun 3 ming dollarlik rag‘batlantirish taklif qilingan xatlar olganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday takliflardan biri 11 yoshli mijozga berilgan.
Bloomberg Law ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Adliya vazirligi iyul oyida immigratsiya sudlarida hamrohsiz voyaga yetmaganlarga oid 16 500 dan ortiq ish ko‘rib chiqilayotganini bildirgan. Shu davrda Acacia va bolalarni himoya qiluvchi boshqa yuridik tashkilotlarni moliyalashtirish ham to‘xtatilgan.
Nashr, shuningdek, immigratsiya sudi rahbarlari AQShga ota-onasi yoki vasiylarisiz kelgan bolalarga oid sud majlislarini 21 kun bilan cheklashni buyurgani haqida yozgan. Odatda bunday muddat bolalarga advokat topish yoki boshpana so‘rab ariza tayyorlash imkonini berish uchun zarur bo‘ladi.








