O'zbekiston

“50–100 yildan keyin ham eslanadigan zamin yaratishimiz kerak” — Prezident

Yangi Toshkentda poytaxt tumanlari va mamlakatning qolgan 13 ta hududiga 100 gektardan yer ajratiladi.

“50–100 yildan keyin ham eslanadigan zamin yaratishimiz kerak” — Prezident

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentni nafaqat poytaxt, balki butun mamlakat tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

 

Shu maqsadda poytaxtning har bir tumaniga Yangi Toshkentdan 100 gektardan yer maydoni biriktirildi. Endilikda tuman hokimlari o‘z hududidagi tadbirkorlar bilan ishlab, yangi loyihalarni ushbu maydonlarga olib kelishi kerak.

 

Xuddi shunday, mamlakatning qolgan 13 ta hududiga ham 100 gektardan yer ajratiladi. Ushbu maydonlarda amalga oshirilgan investitsiyalar tegishli viloyat yoki Toshkent shahrining tumanlari ko‘rsatkichlarida hisobga olinadi.

 

Biriktirilgan hududlardagi yerlar bo‘yicha o‘tkaziladigan birinchi auksionda faqat tegishli viloyat yoki tuman tadbirkorlari ishtirok etadi.

 

Shuningdek, har bir viloyat hokimi o‘z hududi uchun ishlab chiqilgan loyiha va arxitektura konsepsiyasini Prezidentga taqdim etib, tasdiqlatganidan so‘ng qurilishni boshlaydi. Viloyat hokimlari har oy besh kun davomida Yangi Toshkentda ishlab, loyihalar amalga oshirilishini tashkil etadi.

 

Davlat rahbari Yangi Toshkent qurilishi mamlakat tarixida muhim iz qoldirishi lozimligini ta’kidlagan.

 

“Bu Yangi O‘zbekiston, bu tarix. 50 yil, 100 yildan keyin odamlar «otasiga rahmat, o‘sha komanda shunday zamin yaratib ketgan ekan», degan fikrda bo‘lishi kerak”, — degan Prezident.