AQSh Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda — Financial Times
Vashington Kiyevga Rossiya energetika infratuzilmasiga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha bosim o‘tkazmoqda.

Donald Tramp ma’muriyati Ukrainani Rossiya energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishga undash maqsadida mamlakatga Amerika qurollarini yetkazib berish mexanizmini to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda Financial Times nashri yevropalik rasmiylarga tayanib xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, AQSh vakillari shanba va yakshanba kunlari Yevropa davlatlari hamda Ukraina rasmiylari bilan bog‘lanib, Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga berilayotgan zarbalarni to‘xtatish masalasida bosim o‘tkazgan.
Yevropalik rasmiylar Vashingtonning ogohlantirishlarida razvedka ma’lumotlarini almashishni to‘xtatish tahdidi ham bo‘lganini aytgan. Shuningdek, Ukrainaga Amerika qurollarini xarid qilish imkonini beruvchi PURL mexanizmini to‘xtatish masalasi ham tilga olingan. Ushbu mexanizm doirasida qurollar Yevropa davlatlari mablag‘lari hisobidan xarid qilinadi.
AQSh Mudofaa vazirligi xodimidan qo‘ng‘iroq olgan amaldorlardan biri nashrga vaziyatni quyidagicha izohlagan: “Ular Kiyevga qo‘ng‘iroq qilishmoqda... ular Yevropadagi hammaga qo‘ng‘iroq qilishmoqda”.
AQSh rasmiylari bilan bog‘langan shaxslar orasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning harbiy maslahatchisi, 93-mexanizatsiyalashgan brigadaning sobiq generali Pavlo Palisa ham borligi aytilmoqda.
Oq uy mazkur qo‘ng‘iroqlar yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Bu xabarlar Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Rossiya dizel yoqilg‘isini Amerika va jahon bozorlariga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni e’lon qilgani haqidagi xabarlar ortidan yangradi. Zelenskiy esa AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bir tomonlama yumshatishi va Rossiya dizel yoqilg‘isi eksportiga ruxsat berishi haqidagi qarorni adolatsiz deb atagan.
Shuningdek, Oq uy Tramp Zelenskiyning Ukraina saylovlarini o‘tkazish uchun 60 kunlik keng qamrovli sulhga erishish taklifini ko‘rib chiqayotgani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.








