O‘zbekistonda o‘z mobil palliativ xizmatiga ega ilk bolalar xospisi tashkil etilmoqda
Loyiha doirasida bolalarga uyda tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatiladi.

Samarqand viloyatida og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalarga uy sharoitida tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish boshlandi. Hududda bunday yordamga muhtoj 300 nafardan ortiq bola aniqlangan.
28-sentyabrdan ish boshlagan mobil brigada tarkibiga tibbiyot mutaxassislari, ijtimoiy xodimlar va psixologlar kiritilgan. Ular bolalarga uyida yordam ko‘rsatadi, og‘riq va boshqa kasallik alomatlarini yengillashtirishga ko‘maklashadi. Shuningdek, bolalar va ularning yaqinlari uchun individual yordam rejasi ishlab chiqiladi, ota-onalarga parvarish ko‘nikmalari o‘rgatiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, loyihaning maqsadi oilalarga bolaning ehtiyojlaridan kelib chiqib, yordamni uyda yoki xospisda olish imkoniyatini yaratishdir.
«Bolaning tashxisini o‘zgartirishga ojizmiz, ammo uning har bir kunini o‘zgartirish o‘z qo‘limizda», — dedi u.
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari har bir bola uchun alohida keys ochadi va zarur ijtimoiy xizmatlar hamda texnik reabilitatsiya vositalarini olishda yordam beradi. Jumladan, bolalar ehtiyojiga mos nogironlik aravachalari, vertikalizatorlar, funksional karavotlar va yotoq yaralarining oldini oluvchi matraslar bilan ta’minlanishiga ko‘maklashiladi.
Ayni paytda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalar xospisi qurilishi ham davom etmoqda. Mobil palliativ xizmat va xospis og‘ir kasalliklarga chalingan bolalar hamda ularning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yagona yordam tizimining tarkibiy qismlari bo‘ladi.








