Botir Qudratxo‘jayev O‘zbekiston mudofaa vaziri etib tayinlandi
Shuhrat Xolmuhammedov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan mudofaa vaziri lavozimidan ozod etildi.

O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan Botir Bahromovich Qudratxo‘jayev mudofaa vaziri etib tayinlandi.
Qudratxo‘jayev mehnat faoliyatini 1997-yilda O‘zbekiston harbiy prokuraturasining kadrlar bo‘limida ish yurituvchi sifatida boshlagan.
Keyinchalik Farg‘ona viloyati harbiy prokuraturasida tergovchi-kriminalist, Toshkent harbiy okrugi harbiy prokuraturasida katta tergovchi va Toshkent viloyati harbiy prokurori lavozimlarida ishlagan.
U 2022-yil 2-noyabrda bosh prokuror o‘rinbosari — O‘zbekiston harbiy prokurori etib tayinlangan. 2025-yil 25-fevralda esa favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimini egallagan. Shu munosabat bilan unga prezident farmoni bilan general-mayor harbiy unvoni berilgan.
Qudratxo‘jayev 2026-yil yanvarida favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimidan ozod etilgan edi.
Shuhrat Xolmuhammedov 2024-yil noyabrida O‘zbekiston mudofaa vaziri etib tayinlangan edi. U boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.








