Jahon

Dunyoda qashshoqlik ortdi: muhtojlar soni 1,2 milliardga yetdi

Qashshoqlikda yashayotganlarning yarmidan ko‘pini bolalar tashkil etadi. Tadqiqot 108 ta rivojlanayotgan mamlakatni qamrab olgan.

Dunyoda qashshoqlik ortdi: muhtojlar soni 1,2 milliardga yetdi

Dunyoda og‘ir sharoitda yashayotgan, oziq-ovqat, ta’lim va tibbiy xizmat kabi asosiy ehtiyojlari to‘liq qondirilmayotgan odamlar soni 1,2 milliardga yetdi. Bu 2010-yildan beri ilk bor qayd etilgan o‘sish bo‘lib, avvalgi hisob-kitobga nisbatan 51,5 million kishiga ko‘p. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi va Oksford universiteti tomonidan tayyorlangan 2026-yilgi ko‘p o‘lchovli qashshoqlik indeksida ma’lum qilindi.

 

Hisobotga ko‘ra, qashshoqlikda yashayotganlarning 617 million nafari bolalar bo‘lib, aholining bu qatlami vakillarining 83 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi.

 

Tadqiqotda qashshoqlik faqat daromad miqdori bilan emas, balki odamlarning oziq-ovqat, ta’lim, tibbiy xizmat, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi va munosib uy-joy bilan ta’minlanganligi asosida baholangan.

 

Hisobot dunyo aholisining 78 foizi istiqomat qiladigan 108 ta rivojlanayotgan mamlakatni qamrab olgan. Qashshoqlikda yashovchilar sonining ortishiga aholining ko‘payishi ham ta’sir ko‘rsatgan. Yangi ma’lumotlar olinmagan 95 ta mamlakatda aholi sonining o‘sishi hisobiga qashshoqlikda yashovchilar soni yana 15,8 million kishiga ko‘paygan.

 

BMT Taraqqiyot dasturi rahbari Aleksandr De Kroo qashshoqlikning ortishi xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy ogohlantirish ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1,2 milliard kishi ochlik, ta’lim olish imkoniyatining cheklangani, toza suv va elektr energiyasi yetishmasligi kabi muammolarga duch kelmoqda.

 

Ayrim mamlakatlarda esa vaziyat yaxshilangan. Yangilangan ma’lumotlar mavjud bo‘lgan 13 ta davlat orasida Misr, Nepal va Tojikistonda qashshoqlik darajasi ham, qashshoqlar soni ham kamaygan. Angola va Zambiyada qashshoqlik darajasi pasaygan bo‘lsa-da, aholi sonining o‘sishi tufayli qashshoqlar soni ortgan.

 

Nigeriyada 2010-yillarda kuzatilgan ijobiy o‘zgarishlar 2020-yillarda ortga qaytgan. Xitoy esa sezilarli natijaga erishgan: 2010–2014-yillarda mamlakatda qashshoqlikda yashovchilar ulushi 9,5 foizdan 4,2 foizgacha kamaygan.

 

Avvalroq BMT 2026-yil uchun gumanitar yordamga 23 milliard dollar so‘ragani ma’lum bo‘lgandi. Bu 2025-yil uchun so‘ralgan 47 milliard dollardan ancha kam. Reuters xabariga ko‘ra, tashkilot 2025-yilda atigi 12 milliard dollar mablag‘ olgan. Bu so‘nggi o‘n yildagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Moliyalashtirish qisqarishiga AQShning xalqaro yordamni kamaytirishi ham ta’sir ko‘rsatgan.