O'zbekiston

Ichki aviaqatnovlar uchun yangi tariflar: chiptalar 20 foizgacha arzon bo‘ladi

O‘zbekistonda ichki aviaqatnovlar tariflari qayta ko‘rib chiqildi.

Ichki aviaqatnovlar uchun yangi tariflar: chiptalar 20 foizgacha arzon bo‘ladi

 

O‘zbekistonda ichki aviaqatnovlar uchun tariflar qayta ko‘rib chiqildi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu ishlar Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i ijrosi doirasida amalga oshirilgan.

 

Qo‘mita aviatsiya bozoridagi ichki yo‘nalishlar tariflari, narxlarning shakllanishi va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini o‘rgandi. Shuningdek, parvozlar bilan bog‘liq tashish xarajatlarini maqbullashtirish imkoniyatlari tahlil qilinib, chiptalar narxini pasaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

 

Ushbu takliflar qo‘llab-quvvatlangach, Qo‘mita va Uzbekistan Airways hamkorligida ichki aviaqatnovlar tariflari qayta ko‘rib chiqilgan. Natijada 16-oktabrdan boshlab ichki yo‘nalishlardagi aviachiptalar narxi o‘rtacha 20 foizgacha arzonlashtiriladi.

 

Qayd etilishicha, mazkur chora-tadbirlar aholining aviaqatnovlardan foydalanishini qulaylashtirish, ichki turizmni rivojlantirish, hududlar o‘rtasida harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda xizmat safarlari va shaxsiy tashriflarni rejalashtirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan.

 

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar manfaatlariga daxldor bozorlarni o‘rganish va aniqlangan muammolar yuzasidan amaliy choralar ko‘rishni davom ettirishini bildirdi.