Mehmonxona va savdo markazlari uchun to‘lovlar kamayadi: Yangi Toshkentda yangi tartib
Shuningdek, investorlar takliflarini tezkor ko‘rib chiqish va yirik loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishiga sarmoyadorlarni keng jalb etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini soddalashtirish zarurligini ta’kidladi.
Davlat rahbari Yangi Toshkentning master rejasi mukammal shahar barpo etish uchun ishlab chiqilganini, biroq u investorlar tashabbusiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligini qayd etdi. Agar taklif etilayotgan loyiha shahar manfaatlariga xizmat qilsa, lot maydoni yoki obyekt turini o‘zgartirish bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishi lozim.
Ta’kidlanishicha, bunday o‘zgarishlar uchun huquqiy imkoniyat mavjud. Biroq takliflarni ko‘rib chiqish tartibi murakkab va yetarlicha shaffof emas, ayrim qarorlar esa oylab cho‘zilmoqda. Shu bois investorlarning takliflarini aniq mezonlar asosida tezkor ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.
“Sankt-Peterburg” mavzesiga tadbirkorlar qiziqishi uning konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyorlanganligi bilan izohlanadi. Yangi Toshkent direksiyasiga shunday tayyor loyihalar sonini ko‘paytirish topshirildi.
Shuningdek, shaharning qiyofasini belgilaydigan yirik tijorat obyektlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan faqat uchtasidagi loyiha qiymati 100 million dollardan oshadi.
Shu maqsadda yer maydonlarini ochiq tashabbus va “Swiss challenge” tamoyili asosida ajratish amaliyoti joriy etiladi. Bunda tashabbus dastlab ochiq e’lon qilinadi. Agar boshqa investorlar undan yaxshiroq shartlarni taklif etmasa, yer maydoni birinchi tashabbuskorga ajratiladi.
Yangi Toshkentda xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlar qurilishini rag‘batlantirish maqsadida infratuzilma to‘lovlari ham qayta ko‘rib chiqiladi. Prezident turar joy qurish bilan shaharga xizmat ko‘rsatadigan mehmonxona yoki savdo markazini barpo etishning iqtisodiy yuki bir xil emasligini ta’kidladi.
Yangi tartibga ko‘ra, infratuzilma to‘lovining bazaviy stavkasi savdo, servis va biznes markazlari uchun 3 barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun 5 barobar, madaniy hamda ko‘ngilochar maskanlar uchun 10 barobar kamaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov 1 foiz etib belgilanadi. Ushbu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, dunyoning yetakchi arxitektorlari ishlab chiqqan o‘ziga xos loyihalar uchun tezkor tartib joriy etiladi. Loyihalash, qurilish va obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlari jadallashtirilib, bir xil ma’lumotlarni qayta-qayta talab qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi.








