Putin Tramp e’lon qilgan energetik sulhni buzdi — Zelenskiy
Ukraina prezidenti Moskva kelishuvga rioya qilmasa, javob choralarini ko‘rishini bildirdi.

Vladimir Zelenskiy Varshava xavfsizlik forumidagi nutqida Rossiya Ukrainadagi energetika infratuzilmasiga hujum qilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xarkovdagi energetika obyektiga ham zarba berilgan.
Zelenskiy energetika sohasida sulh o‘rnatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. Biroq buning uchun Rossiya ham kelishuvga roziligini amalda ko‘rsatishi kerakligini aytgan.
“Agar Rossiya energetik sulhga rozi bo‘lmasa, biz bunga javob beramiz”, — degan Ukraina prezidenti.
Uning qayd etishicha, Rossiya dronlari va boshqariladigan aviabombalari Ukraina hududiga hujum qilgan, mamlakat energetika infratuzilmasi ham nishonga olingan.
Zelenskiy, shuningdek, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi energetik kelishuvlar masalasiga to‘xtalib, Vashington Ukrainaga ham dizel yoqilg‘isi bo‘yicha kelishuv taklif qilishi mumkinligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina energetika tizimining xavfsizligi kafolatlanmasa, Rossiyaning neftni qayta ishlash infratuzilmasiga qarshi javob zarbalari berilishi mumkin.
Prezident Rossiyaning “Yandeks” ma’lumotlar markazlariga qilingan zarbalar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda botlar, nafrat va provokatsiyalar kamayganini ham ta’kidlagan.
Zelenskiy Ukraina energetik sulh bo‘yicha kafolatlarni imzolashga tayyorligini bildirgan. Hozirda Kiyev AQSh va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar tafsilotlarini hamda Vashingtonning aniq qadamlarini kutmoqda.
Uning fikricha, energetik sulhga amal qilinishi urushni tugatish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 11-oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida energetik sulh bo‘yicha kelishuv borligini ma’lum qilgan edi. Biroq u kelishuv qachondan kuchga kirishini aniq ko‘rsatmagan.








