O'zbekiston

Soxta e’lonlar va qimmat chiptalar: Transport vazirligi fuqarolarni ogohlantirdi

Firibgarlar Moskva–Toshkent avtobus chiptalarini belgilangan narxdan bir necha barobar qimmatga sotmoqda.

Soxta e’lonlar va qimmat chiptalar: Transport vazirligi fuqarolarni ogohlantirdi

 

Transport vazirligi Rossiyadan O‘zbekistonga avtobus orqali qaytishni rejalashtirayotgan fuqarolarni chiptalarni xarid qilishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va YouTube kanallarida «Uzautotrans Service» kompaniyasining avtobuslariga oid foto va videolardan foydalanib, Moskva–Toshkent yo‘nalishidagi qatnovlar haqida e’lonlar joylashtirish holatlari kuzatilmoqda.

 

Firibgarlar yo‘lovchilarga davlat tomonidan tashkil etilgan rasmiy qatnovlar orqali Toshkentga yetib olishlarini va’da qilmoqda. Ular tegishli reyslar uchun kassalarda chipta qolmaganini aytib, yo‘lovchilarga chiptalarni bevosita o‘zlaridan xarid qilishni taklif etadi. Natijada chiptalar belgilangan narxdan bir necha barobar qimmatga sotiladi.

 

Bundan tashqari, ayrim fuqarolar qimmat narxda chipta sotib olganidan keyin noqonuniy faoliyat yurituvchi avtobuslarga chiqarib yuborilmoqda.

 

Vazirlik eslatishicha, «Uzautotrans Service» kompaniyasi Moskva shahridagi «Novoyasenevskaya» va «Kotelniki» avtostansiyalaridan Toshkent avtovokzaliga haftaning dushanba va payshanba kunlari qatnovlarni amalga oshiradi.

 

Chiptalarni mazkur avtostansiyalar kassalaridan, shuningdek, ularga tegishli mobil ilovalar va rasmiy saytlar orqali onlayn xarid qilish mumkin.

 

Rasmiy qatnovlar uchun chipta narxi 8 500 rublni tashkil etadi. Shu kunning o‘zida tashkil etiladigan qo‘shimcha reyslar uchun esa narx 7 000 rubl etib belgilangan.

 

Transport vazirligi fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali e’lonlarga ishonmaslikni hamda chiptalarni faqat rasmiy savdo kanallari orqali xarid qilishni tavsiya etdi.