Jahon

Sun’iy intellekt va yadroviy urush: 2100-yilga borib insoniyatga nima xavf soladi?

17 ta global xavf milliardlab insonlarning hayoti va salomatligiga zarar yetkazishi mumkin.

Sun’iy intellekt va yadroviy urush: 2100-yilga borib insoniyatga nima xavf soladi?

 

Mutaxassislar 2100-yilga qadar insoniyat uchun eng katta tahdidlardan biri sun’iy intellekt yordamida biologik qurollar yaratish va ulardan foydalanish, ikkinchisi esa yadroviy mojaro ekanini ta’kidladi.

 

The Lancet tibbiy jurnalining 21-asrdagi global sog‘liqni saqlash tahdidlariga bag‘ishlangan komissiyasi hisobotida insoniyat kelajagiga xavf solishi mumkin bo‘lgan omillar tahlil qilindi. 35 nafar mutaxassis ishtirokida tayyorlangan hisobot Berlinda bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash sammitida taqdim etildi.

 

Mutaxassislar turli salbiy ssenariylar yuz bergan taqdirda kasalliklar, nogironlik va muddatidan oldin o‘lim oqibatida insoniyat qancha umr yo‘qotishi mumkinligini modellashtirdi.

 

Hisobotda eng jiddiy tahdidlardan biri sifatida sun’iy intellektdan zararli maqsadlarda foydalanish, xususan, uning yordamida biologik qurollar yaratish va ularni qo‘llash ehtimoli qayd etilgan.

 

Yana bir katta xavf — yadroviy qurollardan foydalanish. Mutaxassislar bunday mojaro atmosferaga katta miqdorda zarrachalar tarqalishiga, quyosh nurlarining Yer yuzasiga yetib kelishi kamayishiga va global harorat pasayishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan. Bu esa qishloq xo‘jaligi hosildorligining tushishi va keng ko‘lamli ocharchilikni keltirib chiqarishi ehtimolini oshiradi.

 

Hisobotda ushbu ikki ssenariy insoniyat mavjudligiga tahdid soluvchi eng og‘ir holatlar sifatida ko‘rib chiqilgan.

 

Bundan tashqari, mutaxassislar yana 15 ta jiddiy xavfni sanab o‘tgan. Ular orasida havo ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi, semizlik, bolalar o‘rtasida to‘yib ovqatlanmaslik, mikroblarning dori vositalariga chidamliligi, tabiiy pandemiyalar, chekish, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish, yuqori qon bosimi va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar bor.

 

Shuningdek, nosog‘lom qarish, rivojlanayotgan mamlakatlarga xalqaro yordamning qisqarishi, iqtisodiy tengsizlik va ta’lim darajasining pastligi ham global tahdidlar qatoriga kiritilgan.

 

Hisobot mualliflari ushbu muammolar o‘zaro chambarchas bog‘liqligini ta’kidlaydi. Ularning fikricha, xavflarning oqibatlarini kamaytirish uchun imkoniyatlar mavjud, biroq davlatlar qisqa muddatli rejalashtirish bilan cheklanmay, uzoq muddatli strategiyalar va tizimli tayyorgarlikka e’tibor qaratishi kerak.