Termizdagi fojia: Cobalt’ni boshqargan 10-sinf o‘quvchisi sinfdoshining o‘limiga sabab bo‘ldi
16 yoshli o‘quvchi onasiga tegishli Cobalt’ni haydovchilik huquqisiz boshqarib, yoritish ustuniga urilgan.

2026-yil 9-oktabr kuni soat taxminan 13:00 da Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida voyaga yetmaganlar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Surxondaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Hodisa «Navro‘z» mahallasi hududidan o‘tuvchi D-166 «Termiz shahri — Namuna — Termiz xalqaro aeroporti» avtomobil yo‘lining 11-kilometrida yuz bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2010-yilda tug‘ilgan, Termiz shahridagi 25-maktabning 10-sinfida tahsil oluvchi o‘quvchi onasiga tegishli Cobalt avtomobilini haydovchilik huquqisiz, yuqori tezlikda boshqargan. Natijada u boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi yoritish ustuniga urilgan.
YTH oqibatida avtomobil haydovchisi og‘ir tan jarohatlari bilan jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Uning 2010-yilda tug‘ilgan sinfdoshi esa voqea joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan Termiz tumani Ichki ishlar bo‘limi tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, hodisadan so‘ng hududdagi 23-, 24- va 25-maktablarning transport vositasini boshqarishga moyilligi bo‘lgan o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda voyaga yetmaganlar ishtirokidagi YTHlarning sabablari, ota-onalar va jamoatchilikning befarqligi hamda bolalar nazoratsiz qolayotgani tanqid qilingan.








