Toshkentda kredit qarzi sabab ko‘chmas mulk xatlandi
Ayni paytda MIB tomonidan 319 ming dollarlik qarzdorlikni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi Alohida muhim ijro ishlarni ijro etish shoʻbasi ish yurituviga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2026 yil 6 apreldagi ijro varaqasi kelib tushgan.
Mazkur ijro hujjatiga asosan, qarzdorlar — “W.L.” MCHJ va fuqaro X.N.dan undiruvchi bank XATB foydasiga jami 319 316,47 AQSH dollari miqdoridagi qarzdorlikni undirish, undiruvni fuqaro Yu.A.ga tegishli, 300 000 AQSH dollariga baholangan Toshkent shahar, Sergeli tumani, Sultonobod MFYda joylashgan ko‘chmas mulkka qaratish belgilangan.
Ijro hujjati 2026 yil 8 aprel kuni shoʻba ish yurituviga kelib tushib, shu kunning o‘zida ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Qonunchilik talablariga muvofiq, qarzdorlarga qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda qoplash uchun muddat berilgan. Biroq belgilangan muddatda majburiyat bajarilmagani sababli majburiy ijro harakatlariga kirishilgan.
Jumladan, garov mulki hisoblangan mazkur ko‘chmas mulk belgilangan tartibda xatlangan.
Ayni vaqtda ko‘chmas mulkni “E-AUKSION” elektron savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Savdo natijasida tushgan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda undiruvchi bank foydasiga yo‘naltirilib, qarzdorlikni qoplashga sarflanadi.







