Toshkentda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer MIB orqali bo‘shatildi
Ijro harakatlari davomida qurilma majburiy tartibda buzilib, sud hujjati talabi amalda bajarildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2026 yil 20 fevraldagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor Q.B. tomonidan Yashnobod tumani Aviasozlar-3 mavzesida joylashgan 120 kv. metr yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi munosabati bilan mazkur hududdagi qurilmani buzish belgilangan.
Sud hujjati 2026 yil 22 iyun kuni Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va belgilangan tartibda ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Ijro jarayonida sud hujjati talablarini taʼminlashga qaratilgan zarur choralar ko‘rilgan. Biroq qurilmaning ixtiyoriy ravishda buzilishi taʼminlanmaganligi sababli sud hujjati ijrosini majburiy tartibda amalga oshirishga kirishildi.
Natijada, 2026 yil 6 oktyabr kuni Aviasozlar-3 mavzesida o‘zboshimchalik bilan egallangan 120 kv. metr yer maydonidagi qurilma majburiy tartibda buzilib, sud hujjati talabi amalda bajarildi.
Mazkur ijro ishi misolida sud hujjatlarining qonuniy kuchga kirishi bilan ularni ijro etish majburiy ekani yana bir bor namoyon bo‘ladi. O‘zboshimchalik bilan yer maydonlarini egallash yoki ularda tegishli huquqiy asoslarsiz qurilmalar barpo etish qonunchilik talablariga zid bo‘lib, bunday holatlarda buzilgan qonuniy tartibni tiklash sud hujjati asosida taʼminlanadi.
Shu tariqa, ko‘rilgan majburiy ijro choralari natijasida 120 kv. metr yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab turilishidan holi qilindi va sud hujjatida belgilangan talab to‘liq ijro etildi.







