Jahon

“Tramp okeani”: AQSh prezidenti yangi taklif bilan chiqdi

AQSh prezidenti okeanlardan birining nomini o‘zgartirishni taklif qildi.

“Tramp okeani”: AQSh prezidenti yangi taklif bilan chiqdi

 

Donald Tramp mamlakatdagi suv havzalari nomlarini o‘zgartirish masalasini yana ko‘tardi. U Tennessi shtatidagi mitingda Atlantika yoki Tinch okeaniga yangi nom berish imkoniyatini tilga oldi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.

 

“Bizda ko‘rfaz bor. Bizda go‘zal ko‘l bor. Endi kimdir bizga daryo kerakligini aytdi. Bizga daryo kerak. Bizga okean kerak”, — degan Tramp.

 

U okeanlardan birini “Tramp okeani” yoki “Amerika okeani” deb atashni taklif qildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, vakolat muddati tugashidan oldin AQSh o‘z nomi bilan ataladigan okeanga ham ega bo‘lishi kerak.

 

The Washington Post qayd etishicha, Tramp suv havzalari va boshqa geografik obyektlar nomlarini o‘zgartirishda o‘zining ijro etuvchi vakolatlaridan foydalanishi mumkin. Biroq xususiy onlayn xaritalash xizmatlari yangi nomlarni qo‘llash-qo‘llamaslikni o‘zlari hal qiladi.

 

Tramp avval ham AQShdagi geografik obyektlar nomlarini o‘zgartirish tashabbuslarini ilgari surgan. 2025-yil yanvarida u Meksika ko‘rfazini “Amerika ko‘rfazi”, Alyaskadagi Denali tog‘ini esa “MakKinli tog‘i” deb qayta nomlashni buyurgan edi.

 

2026-yil avgustida esa prezident Ontario ko‘lini “Amerika ko‘li” deb atash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.