Jahon

Yandex’dagi nosozliklar: uskunalarni tiklash yarim yilgacha vaqt oladi

Yandex ma’lumotlar markazlariga qilingan dronlar hujumidan keyin ayrim xizmatlarda uzilishlar kuzatildi.

Yandex’dagi nosozliklar: uskunalarni tiklash yarim yilgacha vaqt oladi

 

Rossiyaning “Kommersant” nashri IT bozori vakillariga tayanib xabar berishicha, Yandex’ning Vladimir viloyatidagi ma’lumotlar markazlarida shikastlangan uskunalarni almashtirish uchun zarur jihozlarni yetkazib berish olti oygacha vaqt olishi mumkin.

 

Nashr manbalarining fikricha, kompaniya zararni tezroq qoplash uchun turli kanallar, jumladan, xorijiy yetkazib beruvchilar orqali uskunalar xarid qilishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu esa bozorda apparat vositalari narxining qisqa muddatli oshishiga olib kelishi ehtimoli bor.

 

Strategy Partners vakili Sergey Kudryashovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda hisoblash quvvatlariga, ayniqsa, sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan tezlatkichlarga talab oshib, ularning narxi ham ko‘tarilgan. Shu sababli uskunalarni xarid qilish qimmat va uzoq davom etadigan jarayonga aylanishi mumkin.

 

Nashr suhbatdoshlarining fikricha, qo‘shimcha xarajatlar kelgusida mijozlar uchun bulutli xizmatlar narxining oshishiga ham olib kelishi mumkin.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 10-oktabrdan 11-oktabrga o‘tar kechasi Yandex’ning Vladimir viloyatidagi ma’lumotlar markaziga dronlar hujumi oqibatida infratuzilma shikastlangan va markaz faoliyati to‘xtatilgan. So‘nggi kunlarda kompaniyaning bir nechta ma’lumotlar markazlari hujumlarga uchragani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Buning ortidan Yandex xizmatlarida, jumladan, taksi va boshqa raqamli platformalarda uzilishlar kuzatildi. Muammolar Rossiyadan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi foydalanuvchilarga ham ta’sir qilgani xabar qilingan.

 

Qozog‘istonning Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini saqlash uchun foydalaniladigan mamlakat ichidagi serverlar normal ishlayotganini ma’lum qilgan. Biroq taksi va yetkazib berish xizmatlarining ishlashi uchun zarur ayrim komponentlar Qozog‘istondan tashqarida joylashgan.

 

Vazirlik Yandex hamda mamlakatdagi infratuzilma tashkilotlari bilan hamkorlikda muammolarni hal qilish choralarini ko‘rayotganini bildirgan.

 

Shuningdek, Yandex boshqa xizmatlar faoliyatini saqlab qolish maqsadida Yandex Disk bulutli xotirasidan fayllarni yuklab olish imkoniyatini cheklagani haqida ham xabar berilgan.