16 ta o‘yinda 16 ta g‘alaba: O‘zbekiston yoshlari robototexnika bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi
O‘zbekiston terma jamoasi FIRST Global Challenge musobaqasida mutlaq chempionlikka erishdi.

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida dunyoning qariyb 200 ta davlati vakillari ishtirok etgan xalqaro robototexnika musobaqasida O‘zbekiston yoshlari yuqori natija qayd etdi. Terma jamoa 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, mutlaq chempionlikka erishdi.
O‘zbekiston vakillari musobaqadagi 16 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, 637 ball to‘pladi va musobaqa rekordini o‘rnatdi.
FIRST Global Challenge — dunyoning turli mamlakatlaridan iqtidorli maktab o‘quvchilarini birlashtiradigan xalqaro robototexnika musobaqasi. Bu yilgi bellashuv o‘rmon yong‘inlarining oldini olish, ularning oqibatlarini kamaytirish va tabiatni qayta tiklash masalalariga bag‘ishlandi.
O‘zbekistonlik yosh muhandislar ushbu ekologik muammolarga innovatsion muhandislik yechimlarini taqdim etib, o‘z bilim va salohiyatini namoyon etdi.








