Jahon

35 yillik qarz yuki: Ukraina 2061-yilgacha qarz to‘laydi

Mamlakatning davlat va davlat tomonidan kafolatlangan qarzi 2026-yil avgustida 215,55 milliard dollarga yetgan.

35 yillik qarz yuki: Ukraina 2061-yilgacha qarz to‘laydi

 

Ukraina xalqaro moliya institutlari oldidagi qarzlarini 2061-yilgacha to‘lashni rejalashtirgan. TASS Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlari asosida hisob-kitob qilib, mamlakatning Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon banki oldidagi jami to‘lovlari qariyb 128,86 milliard dollarni tashkil etishini ma’lum qildi.

 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu summaning qariyb 100,92 milliard dollari asosiy qarz, 27,94 milliard dollari esa foiz to‘lovlariga to‘g‘ri keladi. To‘lovlar 2057-yilgacha dollarda, 2061-yilgacha esa yevroda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

 

2026-yilda Ukrainaning tashqi kreditorlarga to‘lovlari 4,86 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Shundan 2,41 milliard dollari asosiy qarz, 2,45 milliard dollari esa foizlardan iborat.

 

Biroq bu hisob-kitoblar yangi tashqi qarzlar olinmasligi sharti bilan tuzilgan. Ukraina qarz olishni davom ettirsa, kelajakdagi to‘lovlar hajmi va muddati ham o‘zgarishi mumkin.

 

Ukraina davlat qarzi ortib bormoqda

 

Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 31-avgust holatida mamlakatning davlat va davlat tomonidan kafolatlangan qarzi 9,603 trillion grivna yoki 215,55 milliard dollarni tashkil etgan.

 

TASS hisob-kitoblariga ko‘ra, 2027-yilda davlat qarzini to‘lash va unga xizmat ko‘rsatish uchun 1,18 trillion grivna — qariyb 26,4 milliard dollar sarflanishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, davlat kafolatlari bilan ta’minlangan kreditlar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun yana 21 milliard grivna ajratish ko‘zda tutilgan.

 

Hukumat 2027-yilda 1,66 trillion grivna miqdorida qarz olishni rejalashtirmoqda. Davlat qarzining prognoz qilinayotgan chegarasi 12 trillion grivnadan oshib, yalpi ichki mahsulotning (YaIM) qariyb 110,4 foiziga teng bo‘lishi mumkin.

 

TASS ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Zelenskiy prezidentligi davrida Ukraina davlat qarzi sezilarli darajada oshgan. 2019-yil may oyi oxirida qarz qariyb 47,1 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi ko‘rsatkich ancha yuqori.

 

Harbiy xarajatlar va byudjet taqchilligi

 

TASS keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina Mudofaa vazirligi 2027-yilgi xarajatlar uchun taxminan 175 milliard dollar so‘ragan. Biroq budjet loyihasida mudofaa ehtiyojlariga 108,3 milliard dollar ajratish ko‘zda tutilgan. So‘ralgan va rejalashtirilgan mablag‘ o‘rtasidagi farq 67 milliard dollarga yaqin.

 

Ukrainaning 2027-yildagi o‘z daromadlari 71,7 milliard dollar bo‘lishi prognoz qilingan. Davlat obligatsiyalari savdosi, xususiylashtirish va grantlardan tushumlar ham hisobga olinsa, jami daromad 82,9 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

 

Shu bilan birga, TASS hisob-kitobida 2027-yilgi budjet taqchilligi qariyb 96 milliard dollar yoki YaIMning 37 foizi miqdorida baholangan. Ukraina hukumati bu kamomadni, jumladan, G‘arb davlatlari yordami hisobidan qoplashni kutmoqda.

 

Oliy Rada deputati Olga Vasilevska-Smaglyukning ta’kidlashicha, Ukraina 2027–2029-yillarda budjet taqchilligini qoplash uchun katta miqdorda tashqi qarz jalb etishiga to‘g‘ri keladi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026–2028-yillarda tashqi qarzlar mamlakatning moliyalashtirish ehtiyojlarining qariyb 80 foizini qoplashi kerak.

 

Deputat keltirgan prognozga ko‘ra, davlat va davlat tomonidan kafolatlangan qarz 2028-yilda YaIMning 114,2 foizigacha ko‘tarilishi, 2029-yilda esa 108,7 foizgacha pasayishi mumkin. Biroq bu prognoz 2027-yildan boshlab xavfsizlik vaziyatining sezilarli yaxshilanishi taxminiga asoslangan.

“Biz husiylarning hujumlarini keskin qoralaymiz” — Erdog‘an

“Biz husiylarning hujumlarini keskin qoralaymiz” — Erdog‘an

Turkiya prezidenti Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Bir kun ichida fuqarolik va pasport: Japarov mas’ullarga topshiriq berdi

Bir kun ichida fuqarolik va pasport: Japarov mas’ullarga topshiriq berdi

Bunga O‘zbekistondan kelgan ayolning fuqarolik olishdagi muammosi sabab bo‘lgan.

“Men buni juda xohlardim”: Tramp uchinchi muddat haqida gapirdi

“Men buni juda xohlardim”: Tramp uchinchi muddat haqida gapirdi

AQSH prezidenti uchinchi muddatda prezident bo‘lish istagini bildirdi.

Rossiyada migrantlar uchun imtiyoz: ayrim ishchilar rus tili imtihonidan ozod qilinishi mumkin

Rossiyada migrantlar uchun imtiyoz: ayrim ishchilar rus tili imtihonidan ozod qilinishi mumkin

Ichki ishlar vazirligi ayrim migrantlarni rus tili, tarix va qonunchilik bo‘yicha imtihondan ozod qilishni taklif qildi.

Husiylar hujumi Saudiya Arabistonini xavotirga soldi: qirollik Pokistondan yordam so‘radi

Husiylar hujumi Saudiya Arabistonini xavotirga soldi: qirollik Pokistondan yordam so‘radi

Qirollik zenit-raketa zaxiralari yetishmovchiligi tufayli mavjud tizimlarni qayta taqsimlamoqda.

Dunyoda qashshoqlik ortdi: muhtojlar soni 1,2 milliardga yetdi

Dunyoda qashshoqlik ortdi: muhtojlar soni 1,2 milliardga yetdi

Qashshoqlikda yashayotganlarning yarmidan ko‘pini bolalar tashkil etadi. Tadqiqot 108 ta rivojlanayotgan mamlakatni qamrab olgan.

Sun’iy intellekt va yadroviy urush: 2100-yilga borib insoniyatga nima xavf soladi?

Sun’iy intellekt va yadroviy urush: 2100-yilga borib insoniyatga nima xavf soladi?

17 ta global xavf milliardlab insonlarning hayoti va salomatligiga zarar yetkazishi mumkin.

Yandex’dagi nosozliklar: uskunalarni tiklash yarim yilgacha vaqt oladi

Yandex’dagi nosozliklar: uskunalarni tiklash yarim yilgacha vaqt oladi

Yandex ma’lumotlar markazlariga qilingan dronlar hujumidan keyin ayrim xizmatlarda uzilishlar kuzatildi.