Bolalar xavfsizligi xavf ostida: Damas‘da 11 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgan haydovchi ushlandi
Mirzaobod tumanida bolalarni meʼyordan ortiq tashigan haydovchiga chora ko‘rildi.

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Toshkent mahallasida Damas rusumli avtomobilda bog‘cha bolalarini meʼyordan ortiq miqdorda tashiyotgan haydovchi aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat 8 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Haydovchi shaxsiy avtomobilida 13 nafar bolani olib ketayotgan vaqtda to‘xtatilgan. Unga nisbatan transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Haydovchi qoidabuzarligini tan olib, boshqa haydovchilarni bunday holatga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.
IIB haydovchilardan yo‘lovchi tashish qoidalariga qatʼiy rioya qilishni, ota-onalardan esa farzandlarining xavfsizligiga befarq bo‘lmaslikni so‘radi.








