Bolgariya sohillarida kema dron hujumidan cho‘kdi: 11 dengizchi bedarak yo‘qoldi
Bolgariya rasmiylari ikki yuk kemasiga dronlar bilan hujum qilinganini bildirdi. Rossiya elchisi izoh berish uchun chaqirtirildi.

Bolgariya qirg‘oqlari yaqinida ikkita yuk kemasiga dronlar bilan hujum qilindi. Ulardan biri cho‘kib ketgan, uning 11 nafar ekipaj a’zosi bedarak yo‘qolgan. Hodisalar ortidan Bolgariya Rossiya elchisini izoh berish uchun chaqirdi.
Bolgariya rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar seshanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. HS Dignity nomli, Gvineya-Bisau bayrog‘i ostida suzgan kema Ruminiya chegarasi yaqinidagi Krapets qishlog‘i sohillarida cho‘kib ketgan. Uning besh nafar ekipaj a’zosi qutqarilgan, yana 11 nafari bedarak yo‘qolgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Malta bayrog‘i ostida suzgan Chelsea-3 kemasiga ham uchta dron bilan zarba berilgan. Uning ekipajidagi yetti nafar ukrainalik va sakkiz nafar ozarbayjonlik dengizchining barchasi qutqarilgan. Ularning hech biri jiddiy jarohatlanmagan.
Bolgariya hujumlarni Rossiya amalga oshirganini rasman tasdiqlamadi. Biroq bosh vazir Rumen Radev hodisalar oqibati Rossiya manfaatlariga xizmat qilishini aytdi. Rossiya tomoni voqealar yuzasidan hozircha izoh bermagan.
“Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat — Bolgariyaning hududiy suvlariga bevosita yaqin joyda yana bir hujum sodir etildi”, — dedi Radev televideniye orqali qilgan murojaatida.
U, shuningdek, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen va NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan telefon orqali suhbatlashib, Bolgariyaning dengiz hududlari va havo makonini kuzatish imkoniyatlarini kuchaytirishda yordam so‘radi. Ryutte NATO sharqiy qanotidagi harbiy ishtirok zaruratga qarab moslashtirilishini bildirdi.
Yevropa Ittifoqi va Ukraina ham hujumlarni qoraladi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga zarba Moskvaning tinch aholi hayotiga bepisand munosabatini yana bir bor ko‘rsatganini ta’kidladi. Yevrokomissiya prezidenti esa hodisa uchun mas’ullar javobgarlikka tortilishi kerakligini bildirdi.
Bolgariya mudofaa vaziri Dimitar Stoyanov Ruminiya va Turkiyadagi hamkasblari bilan Qora dengiz mintaqasidagi xavfsizlik vaziyatini muhokama qildi.
Avvalroq Bolgariyaning Qora dengizdagi eksklyuziv iqtisodiy zonasida dron hujumiga uchragan kema cho‘kib ketgan, to‘qqiz nafar suriyalik va bir nafar misrlik dengizchi halok bo‘lgan edi. O‘sha kechada yana bir kemaga hujum qilingan, biroq uning ekipaji qutqarilgan.
Rossiyaning Bolgariyadagi elchisi Eleonora Mitrofanova Rossiya Mudofaa vazirligidan savdo kemalariga qilingan hujumlar haqida ma’lumot olmaganini aytdi. Shu bilan birga, u hodisalar uchinchi tomon tomonidan uyushtirilgan ig‘vo bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.
Rossiya 2022-yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirganidan beri Qora dengizdagi dengiz tashuvlari urushning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Rossiya Ukraina portlariga zarba berib kelmoqda, Ukraina esa Rossiyaning don eksportiga xizmat qiladigan kemalarini Qora va Azov dengizlarida nishonga olmoqda. Ukraina va Rossiya dunyodagi yirik don eksportchilari hisoblanadi.







