Davlat xaridlarida raqobat talablari buzildi: 10 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi bir nechta viloyatdagi davlat tashkilotlarining xaridlarini o‘rganib, tender va tanlovlarda raqobatni cheklash alomatlarini aniqladi.

Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan monitoring va murojaatlarni o‘rganish natijasida qariyb 10 mlrd so‘mlik xaridlarda qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Andijon viloyatida Oltinko‘l tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasining 300 mln so‘mlik xaridlarida qonunbuzilish alomatlari qayd etilgan.
Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona tuman yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasining 7 ta, jami 2,5 mlrd so‘mdan ortiq xaridi, Jizzax viloyatida esa Zarbdor tumanidagi zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 2-sonli maktab-internatning 2 ta, jami 1,4 mlrd so‘mdan ortiq xaridi o‘rganilgan.
Shuningdek, Namangan viloyatidagi Chust tuman tibbiyot birlashmasining qariyb 1,8 mlrd so‘mlik, Navoiy viloyatidagi Xatirchi davlat o‘rmon xo‘jaligining 7 ta, jami qariyb 1,7 mlrd so‘mlik xaridlarida ham qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Samarqand viloyatida “O‘zyo‘lko'prik klasteri” Samarqand filialining 1,7 mlrd so‘mlik hamda “Ozodlik” davlat muassasasining 410 mln so‘mlik xaridlari bo‘yicha ham tegishli choralar ko‘rilgan.
Qayd etilishicha, eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarini o‘rganish davomida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmagani aniqlangan. Xususan, savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar qayd etilgan.
Holatlar yuzasidan qo‘mitaning hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilgan. Qonunbuzilishlarni bartaraf etish, ayrim holatlarda moliyaviy jarimalar qo‘llash va huquqiy baho berish uchun materiallarni tegishli organlarga yuborish choralari ko‘rilgan.
Bundan tashqari, kelgusida shunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun buyurtmachi tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.








