Farg‘ona yo‘lida “A” yo‘laklar nazoratga olindi: kameralar o‘rnatildi
Toshkentda avtobus yo‘laklariga kiradigan avtomobillar nazorati kuchaytirilmoqda.

Toshkent shahridagi Farg‘ona yo‘lida jamoat transporti uchun ajratilgan maxsus yo‘laklarda harakatni nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatildi. Bu haqda poytaxt transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida ma’lum qilindi.
Kameralar yo‘lning 6 kilometrli qismida, har ikki yo‘nalishdagi “A” maxsus yo‘laklarga o‘rnatilgan. Poytaxtning boshqa ko‘chalarida ham avtobus yo‘laklari bo‘ylab harakatni nazorat qiluvchi kameralar bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.
Maxsus yo‘laklar avtobuslarning tirbandliklarga tushib qolmasdan, belgilangan jadval asosida harakatlanishi va yo‘lovchilarni manzillariga o‘z vaqtida yetkazishi uchun mo‘ljallangan.
Ma’lum qilinishicha, bitta avtobusda bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ortiq yo‘lovchi bo‘lishi mumkin. Shu sababli, boshqa transport vositalarining avtobus yo‘laklariga kirishi jamoat transporti harakatiga xalaqit berib, ko‘plab yo‘lovchilarning kechikishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, soat 06:00 dan 23:00 gacha tegishli ruxsatga ega bo‘lmagan transport vositalarining “A” maxsus yo‘laklarda harakatlanishi taqiqlanadi.








