“Men buni juda xohlardim”: Tramp uchinchi muddat haqida gapirdi
AQSH prezidenti uchinchi muddatda prezident bo‘lish istagini bildirdi.

Donald Tramp Ogayo shtatida respublikachilar tarafdorlari bilan uchrashuvda uchinchi muddatga prezident bo‘lib qolish istagini bildirdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Miting davomida Tramp respublikachilar noyabr oyidagi oraliq saylovlarda g‘alaba qozonsa, mamlakatni misli ko‘rilmagan iqtisodiy muvaffaqiyat kutayotganini ta’kidlagan. Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari “Yana to‘rt yil!” deya hayqira boshlagan.
“Men buni qilishni juda xohlardim”, — degan Tramp uchinchi muddatga ishora qilib.
AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 22-tuzatishga ko‘ra, bir shaxs prezidentlik lavozimiga ikki martadan ortiq saylanishi mumkin emas. Trampning amaldagi ikkinchi muddati 2029-yil yanvarida yakunlanishi kerak. Shu bois uning uchinchi muddatga saylanish istagi amaldagi konstitutsiyaviy cheklov bilan to‘qnash keladi.
Tramp ilk bor 2016-yilda prezident etib saylangan va 2017–2021-yillarda mamlakatni boshqargan. U 2020-yilgi saylovda Jo Baydenga yutqazgan, biroq 2024-yilda yana g‘alaba qozonib, prezidentlikka qaytgan.
Tramp avval ham uchinchi muddatda prezident bo‘lish imkoniyati haqida bir necha bor gapirgan. Shu bilan birga, u bunday imkoniyatning konstitutsiyaviy cheklovlarga duch kelishini ham tan olgan. AQShda prezidentning uchinchi muddatga saylanishi uchun amaldagi konstitutsiyaviy tartib o‘zgartirilishi kerak bo‘ladi.







