O‘zligini anglagan jamiyatgina o‘z kelajagini qura oladi
"O‘Z" — o‘tmishga qaytish emas, o‘z ildiziga tayanib kelajakka harakat qilish g‘oyasi.

Bugun dunyo juda tez o‘zgaryapti. Texnologiyalar, iqtisodiyot, shaharlar, odamlarning yashash tarzi yangilanmoqda. Bunday davrda har qanday davlat oldida ikki katta vazifa turadi: zamondan ortda qolmaslik va shu jarayonda o‘zligini yo‘qotmaslik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “O‘Z” falsafasi aynan shu ikki tushunchani bir nuqtada birlashtiradi: O‘zbekiston. O‘zgarish. O‘zlik. Mas’uliyat.
Bu yerda “o‘z” so‘zi bejiz markazga qo‘yilmagan. Chunki inson ham, jamiyat ham avvalo o‘zini anglashdan boshlanadi. Biz kimmiz? Qayerdan keldik? Nimaga tayanamiz? Qanday davlat qurmoqchimiz? Bu savollarga javob bermasdan turib, taraqqiyotning yo‘nalishini belgilab bo‘lmaydi.
Shu ma’noda, “O‘Z” — o‘tmishga qaytish emas, o‘z ildiziga tayanib kelajakka harakat qilish g‘oyasi. Dunyo tajribasini o‘rganish, eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelish, global iqtisodiyotga chuqur kirib borish — zarurat. Ammo modernizatsiya boshqalarning tayyor qolipini ko‘chirish degani emas.
O‘zbekiston o‘zgarishi kerak. Lekin O‘zbekistonligicha qolgan holda.
Chunki o‘zligini yo‘qotgan taraqqiyot oxir-oqibat taqlidga aylanadi. Faqat o‘tmish bilan yashab, yangilanishdan qo‘rqish esa turg‘unlikka olib keladi. “O‘Z” ana shu ikki chekka nuqta o‘rtasidagi o‘zimizga xos taraqqiyot yo‘lini ifodalaydi: ildizga tayanish, dunyoga ochilish va kelajakni o‘z qo‘li bilan qurish.
Aslida bu qarash bugun paydo bo‘lgan emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev hali-2017-yildayoq shunday degan edi:
“Vaziyatni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz, mehnatimiz bilan o‘zgartirmasak, hech kim chetdan kelib bu ishni biz uchun qilib bermaydi”.
Oradan yillar o‘tib, bu fikr bugun yanada kengroq mazmun kasb etmoqda. O‘z kuchimiz. O‘z aql-zakovatimiz. O‘z mehnatimiz. O‘zgarish uchun o‘z mas’uliyatimiz.
Chunki taraqqiyotni chetdan tayyor holda olib kelib bo‘lmaydi. Uni birov qurib ham bermaydi. Taraqqiyot jamiyatning o‘zida — odamlarning bilimi, mehnati, tashabbusi, yaratuvchanligi va o‘z kuchiga ishonchidan paydo bo‘ladi.
Shu nuqtada “O‘Z”ning yana bir muhim ma’nosi ochiladi — daxldorlik.
“O‘zimniki” degan joyda befarqlikka o‘rin qolmaydi. O‘z uyingni asraysan. O‘z ishingga javob berasan. O‘z farzanding kelajagi haqida qayg‘urasan. Xuddi shunday, o‘z yurting taqdiriga ham chetdan qarab turmaysan.
Shuning uchun “O‘Z” — faqat o‘zlik haqidagi g‘oya emas. U tomoshabinlikdan daxldorlikka, kutishdan harakatga, boqimondalikdan mas’uliyatga o‘tish falsafasidir.
Bugun O‘zbekiston katta o‘zgarishlar davrida. Yangi shaharlar qurilyapti, iqtisodiyot yangilanyapti, zamonaviy texnologiyalar kirib kelyapti, dunyo bilan aloqalar kengayyapti. Ammo bu jarayonlarni birlashtirib turadigan asosiy nuqta o‘zgarmaydi: biz qanday O‘zbekiston qurayotganimizni o‘zimiz aniq bilishimiz kerak.
Biz dunyoga ochiqmiz. Eng yaxshi texnologiyalarni olamiz, ilg‘or tajribani o‘rganamiz, sarmoya va bilimni jalb qilamiz. Lekin O‘zbekistonning kelajagini baribir o‘zimiz quramiz.
Bunda maqsad boshqalarga o‘xshash emas, balki dunyo tajribasi va zamonaviy imkoniyatlardan foydalangan holda O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot modelini shakllantirishdir. Yangilanish milliy o‘zlikdan voz kechishni anglatmaydi. Aksincha, mustahkam ildiz va o‘z qadriyatlariga tayangan jamiyatgina global o‘zgarishlar sharoitida o‘z yo‘lini aniq belgilay oladi.
Shu ma’noda, “O‘Z” falsafasi taraqqiyotning asosiy kuchini avvalo o‘z salohiyatimiz, bilimimiz, mehnatimiz va tashabbusimizda ko‘rishga undaydi. Mamlakat kelajagini belgilash va ko‘zlangan o‘zgarishlarni amalga oshirish esa jamiyatning daxldorligi, tashabbusi va mas’uliyatiga bog‘liq.
O‘zbekiston — O‘Z.
O‘z yo‘li. O‘z tanlovi. O‘z kelajagi.
O‘zimizniki.








