Robototexnika bo‘yicha jahon chempionlari: Prezident terma jamoa aʼzolarini mukofotladi
Qariyb 190 mamlakat vakillari qatnashgan musobaqa g‘oliblari taqdirlandi.

Shavkat Mirziyoyev Inchxonda o‘tkazilgan “FIRST Global Challenge” xalqaro robototexnika musobaqasida jahon chempioni bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolari va murabbiylarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Farmonda qayd etilishicha, qariyb 190 ta mamlakatdan iqtidorli yoshlar ishtirok etgan musobaqada qo‘lga kiritilgan tarixiy g‘alaba O‘zbekistonning xalqaro obro‘-eʼtibori va nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shgan. Shuningdek, terma jamoa yoshlarni ilm-fan, ilg‘or texnologiyalar, ixtiro va innovatsiyalarga jalb etish, ularda Vatanga muhabbat, sadoqat va milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirish borasida namuna ko‘rsatgani taʼkidlangan.
Jumladan, robototexnika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiysi Ziyodulla Bo‘taxonov “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan mukofotlandi.
Terma jamoa sardori Ibrohim Salomov, texnik murabbiy Abdulloh Abdujabborov, shuningdek, jamoa aʼzolari Shohruxbek Akbarov, Akbarshoh Qosimov, Ayubxon Mirahmedov, Umarbek Pardayev, Shukrullo Sodiqov, Mahkambek Teshabayev, Jasurbek Tojiqo‘ziyev, Bahodir Urmanov va Xondamir Urmanov “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
Shuningdek, terma jamoa menejerlari Safina Teshabayeva va Hasanxon Yusupxo‘jayev ham “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi.








