Rossiyada migrantlar uchun imtiyoz: ayrim ishchilar rus tili imtihonidan ozod qilinishi mumkin
Ichki ishlar vazirligi ayrim migrantlarni rus tili, tarix va qonunchilik bo‘yicha imtihondan ozod qilishni taklif qildi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ustuvor rivojlanish hududlarida faoliyat yuritadigan ayrim mehnat migrantlari uchun imtihon talabini bekor qilish tashabbusi bilan chiqdi. Tegishli qonun loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida e’lon qilingan.
Hujjatga ko‘ra, ish beruvchilar tomonidan ishga jalb etiladigan va ushbu hududlarda ishlash uchun ruxsatnoma olgan xorijiy fuqarolarni rus tilini, Rossiya tarixini hamda qonunchilik asoslarini bilishini tasdiqlash majburiyatidan ozod qilish taklif etilmoqda.
Ustuvor rivojlanish hududlari Rossiyaning ayrim hududlarida investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Uzoq Sharqda 16 ta, Arktika zonasida esa ikkita shunday hudud mavjud.
Rossiyada ayrim toifadagi xorijiy ishchilarni til imtihonidan ozod qilish amaliyoti avval ham qo‘llangan. 2025-yilda hukumat maxsus kvota asosida ish ruxsatnomasi oladigan migrantlarni imtihondan ozod etish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etgan. Mazkur hujjat o‘sha yilning iyul oyida uchinchi o‘qishda qabul qilingan.
Shu bilan birga, boshqa toifadagi xorijiy fuqarolar uchun imtihon talablari kuchaytirilgan. 2025-yil 10-iyuldan boshlab rus tili imtihonida tinglab tushunish bo‘limiga oid talablar oshirilgan, shuningdek, vaqtinchalik va doimiy yashash uchun ruxsatnoma olish imtihonlarida tinglab tushunish hamda gapirish ko‘nikmalariga qo‘yiladigan talablar kengaytirilgan.
Rossiya Ta’lim va fan vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil oktabr-dekabr oylarida 201,5 mingdan ortiq kishi ish ruxsatnomasi yoki patent olish uchun zarur bo‘lgan rus tili darajasini tasdiqlash maqsadida imtihon topshirgan. Ularning 35,5 foizi birinchi urinishda imtihondan o‘ta olmagan. Biroq imtihon topshirganlarning 87,9 foizi yakunda talabni bajargan.








